Boysunda bozor mojarosi: tadbirkorlar majburiy ko‘chirishga qarshi bo‘lishmoqda
Surxondaryo viloyatining Boysun shahrida yuz bergan mojaroli vaziyat videosi ijtimoiy tarmoqlar va telegram kanallarda tarqalmoqda. Hozircha bu borada rasmiy tushuntirish berilmagani sababli voqealarga xolis baho berishning imkoni bo‘lmayapti.
Ushbu mojaroga aloqador tadbirkorlardan Kun.uz tahririyati va muxbirlariga ham tinimsiz murojaatlar kelib tushmoqda. Murojaatlarning umumiy mazmuni shunday:
«Tumanning yangi hokimi Asqarali Jo‘rayev eski, 300 yillik tarixi bor oziq-ovqat va dehqon bozorni (Tuz bozor) 21 aprel kuni karantin bahonasida yoptirgan (garchi, bozorlar karantinda yopilmasligi kerak).
Tadbirkorlarga ko‘ra, tuman hokimi tomonidan ichki ishlar xodimlariga buyruq berilgan, bozorda ishlovchilar ham xaridorlar ham quvg‘in qilinib, shahardan chetdagi sharoiti yo‘q yangi bozorga majburlab ko‘chirilmoqda.
Bundan, ayniqsa, eski bozorda qonuniy do‘konlari bo‘lgan tadbirkorlar aziyat chekishmoqda. Ular ishsiz va xaridorsiz qolishmoqda. Xaridorlarning ham yangi bozorga borgilari yo‘q.
Boz ustiga tuman markazidagi 3 qavatli, yangidan barpo etilgan supermarketdan do‘kon olgan tadbirkorlarga ham ishlashga izn berilmayapti».
Murojaatchilarga ko‘ra, yangi bozorni xususiy shaxs qurgan va taxminlarga ko‘ra, u hokim bilan «til biriktirgan» bo‘lishi mumkin — mutlaqo sharoitsiz bozorga odamlarni majburiy ko‘chirtirishni odamlar boshqachasiga tushuna olishmayapti. Ular Boysundagi «Chavella» buyum bozori ham bir necha oy avval mana shunday fitnalar bilan yoqib yuborilganini aytishmoqda.
Hozir «yangi» deb atalayotgan bozorda hattoki savdo qilish uchun rastalar yetishmaydi. Rastalarning usti yopilmagan. Bozor hududi asfalt qilinmagan. Yo‘laklar chang-u tuproqqa, yog‘ingarchilik kunlari loyga botib ketmoqda. Dehqonlar mahsulotlarini yerga yoyib savdo qilishmoqda. Karantinga, sanitariya talablariga zid emasmi bu?
Biz tushunamiz, eski bozor shahar ichida ko‘chalari tor chorraha bo‘yida joylashgan, avtomobil tiqilinchlari yuzaga keltirayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin, Boysundagi eski bozorda nooziq-ovqat mollari sotishni taqiqlab, faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosiga ruxsat berish mumkin edi-ku?!
12 may kuni olingan videolardan ko‘rinishicha, ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari o‘rab turgan ekskavator Boysunning eski bozorga kiradigan yo‘lni qazib tashlashga urinmoqda. Buzish ishlariga tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Normo‘minov boshchilik qilmoqda.
Mol achchig‘i — jon achchig‘i, deydilar. Bularning barchasi Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi voqealarni yodga solmoqda. O‘shanda voqea Yakkabog‘ tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur To‘ymayevning ustiga benzin sepilib, o‘t qo‘yilishi bilan yakun topgan edi. So‘ngra Yakkabog‘ tuman hokimi ishdan olinib, uning o‘rinbosari M.To‘ymayevga jinoyat ishi ochilgan edi.
Kun.uz muxbirlaridan iborat jamoa ushbu mojaro ildiziga yetish, fuqarolar va tuman mutasaddilariga mikrofon tutish maqsadida Boysun tumaniga yo‘l olishdi. Umid qilamizki, tuman mutasaddilari muloqotdan qochmasdan, o‘zlarining bu masaladagi pozitsiyalarini ifodalab berishadi.
Shuhrat Shokirjonov.
PS: Mazkur material tayyorlanayotgan vaqtda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati internetda tarqalgan videolar bo‘yicha munosabat bildirdi. Unda Boysundagi ekskavator aslida bozorni buzish uchun emas, balki «O‘zbektelekom» AK viloyat filiali Boysun telekommunikatsiya bog‘lanmasi tomonidan Alisher Navoiy va Istiqlol ko‘chalari bo‘ylab xalqaro optik tolali aloqa kabelini yotqizish maqsadida bu ko‘chada qazish ishlarini bajarish uchungina kiritilgani aytiladi.
Mavzuga oid
19:44 / 19.11.2024
Yo‘l qurilishi bo‘yicha buyurtma olib berish evaziga 50 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
09:52 / 15.11.2024
O‘zbekiston avtomobil bozorida faollik darajasi oshdi
15:47 / 13.11.2024
Toshkentda ekskavator gaz quvuriga shikast yetkazishi natijasida ayrim hududlarda gaz ta’minoti to‘xtatildi
12:10 / 13.11.2024