Iqtisodiyot | 21:30 / 04.09.2017
94179
16 daqiqa o‘qiladi

Valyutaning erkin konvertatsiyasi - Bizni nima kutmoqda?

Mana, nihoyat barcha intiq bo‘lib kutgan «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birlamchi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5177 sonli farmoni imzolandi va 5 sentabrdan amalda qo‘llanilishi belgilandi.

Oddiy kishilar ushbu farmonning tub mohiyatiga hali yetib bormasdan turli fikrlarni ilgari surishni boshladiki, ular orasida «endi hamma narsa qimmat bo‘larkan», «yana almashtirish shoxobchalarida faqat katta navbatlar bo‘ladi», «qora bozor yo‘q bo‘lib ketarkanmi», «oddiy xalq faqat zarar ko‘rarkan», «yana o‘sha kartaga pul o‘tkazisharkan» (u hech qayerga o‘tmaydi) yoki bo‘lmasam «50 mingtalik chiqishi bekorgamas, dollarni banklar beradigan bo‘lsa, aniq so‘m puli sinarkan» degan fikrlargacha yangradi. Biroq yuqoridagi fikrlarning barchasi birdek haqiqatdan ancha yiroq bo‘lgan fikrlar ekanini alohida ta'kidlab o‘tmoqchimiz.

Ko‘pincha o‘tish iqtisodiyotidagi mamlakatlarda biror-bir iqtisodiy o‘zgarish yuz berayotganda xalq orasida shunaqa turli tushunmovchiliklar bo‘lishi tabiiy hol. Ko‘p emas, yana 6 oy o‘tgach, valyutaning erkin konvertatsiyasi bilan bog‘liq barcha masalalar hamma uchun birdek tushunarli va ravshan holatga keladi.

Hozircha esa biz konvertatsiya qanday amalga oshirilishi va uning dastlabki bosqichdagi oqibatlari qanday bo‘lishi haqida mustaqil fikr bildirib o‘tmoqchimiz. Avvalo, shu kungacha bizda konvertatsiya yo‘q edi, deb bong uruvchi barcha mutaxassislar diqqatiga, bizda shu kungacha qisman (cheklangan) konvertatsiya mavjud bo‘lgan. Ya'ni, xorijiy valyutani xarid qilish jismoniy shaxslar uchun alohida tartibga ko‘ra (2 ming AQSh dollari turistik maqsadlarda va undan ortiq davolanish hamda o‘qish xarajatlariga xalqaro plastik kartaga o‘tkazib berilgan) va yuridik shaxslar uchun alohida tartibga ko‘ra, (Birjaga beriladigan talabnomaga asosan navbatma-navbat banklarning mavjud imkoniyatiga ko‘ra, davlat kursida konvertatsiya qilib berilgan. Biroq ushbu navbatlarning ayrimlari 1 oydan 1 yilgacha odatda ayrim hollarda bir necha yillargacha navbat kutilishi holatlari kuzatilgan) amalga oshirilgan. Xorijiy valyutani milliy valyutaga davlat kursida almashtirishga esa hech qanday cheklovlar mavud bo‘lmagan. Biroq aytish joizki, ushbu cheklangan konvertatsiya natijasida ko‘plab sohalarda shiddat bilan rivojlanish mumkin bo‘lgan jihatlar amalda sekinlashgan, yo‘q joydan ko‘chadagi kurs va davlat kursi o‘rtasidagi farq natijasida foyda olishni ko‘zlab ish qiladigan noqonuniy kasblar ham paydo bo‘lgan. Birinchi Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek “...bu dunyoda tabiatda ham, jamiyatda ham bo‘shliq bo‘lmaydi. Qayerdadir bo‘shliq paydo bo‘ldimi, hech shubhasiz, uni albatta kimdir to‘ldirishga harakat qiladi”. Xuddi shu so‘zlarning isboti sifatida cheklangan valyuta konvertatsiyasi natijasida yaratilgan turli bo‘shliqlarni juda katta korrupsiya va yashirin iqtisodiyot vakillari o‘zlarining turli niqob ostidagi vazifalari bilan to‘ldirib kelishgan.

Endi belgilangan farmon ijrosi va mexanizmlari puxta o‘ylangan holda amalga tatbiq qilinsa, yuqoridagi qatlamning kuchi va mavqei asta-sekinlik bilan yemirila boradi. Aslida bu farmonning asosiy ta'sir jihati sezilishi aholiga (jismoniy shaxslar) nisbatan kuchli bo‘ladi. Sababi yuridik shaxslar uchun bozor kursida valyuta xarid qilish imkoniyati ancha oldinroq boshlangan va o‘zining samarasini berishi amalda kuzatilayotgan edi. Konvertatsiya yangi tartibining xorijiy sarmoyadorlarga eng qulay jihati foydani erkin repatriatsiya qilish (olib chiqib ketish) imkoni bo‘ldi. Xorijiy sarmoyadorlarni birinchi o‘rinda qiziqtiradigan savollardan biri shu bo‘lar edi. Shuningdek, yaqinda qabul qilingan qarorga ko‘ra, korxonalarni valyutani majburiy sotishdan ozod etilishi natijasidagi yengilliklar endilikda eksportyor korxonalarning valyutaga nisbatan talabini kamaytirib kelayotgan edi. O‘zbekistondagi mavjud yuridik shaxslarning aksariyatini qiziqtirayotgan savollardan biri hozirda valyutada olingan kreditlarning miqdori jihatdan qanday o‘zgarishidir. Bu borada, agar eksporter korxona yoki tashkilot bo‘lsa ularga muammo yo‘q, biroq asosiy tushumi so‘mda bo‘lgan korxona tashkilotlar so‘mni konvertatsiya qilish orqali to‘layotgan bo‘lsa, sezilarli tartibda qarz miqdori oshadi. Biroq bu borada hali farmonda ham, amalda ham hukumat va banklar tomonidan yengillashtiruvchi chora-tadbirlar amalga oshirilishi mumkin. Xususan, farmonda korxona va tashkilotlarning valyutadagi aktivlari kurs hisobiga o‘sishi qayd etilgan qismiga nisbatan soliqdan imtiyoz berilishi nazarda tutilgan. Faoliyati import qilinadigan mahsulot yoki xom ashyo bilan bog‘liq tashkilotlarning tovar va xizmatlari narxlariga salbiy ta'siri natijasida foydasi kamayib ketmaydimi, degan savolga esa shunday javob berish mumkin. Ayrim tashkilotlar tovarlarni xorijiy valyutaga shunday ham bozor yoki birja kursida olib kelib sotishayotgandi, ularda sezilarli o‘zgarish bo‘lmaydi, aksincha, foydasi oshishi mumkin ayrim holatlarda. Valyutani davlat kursidagi narxlarida xizmatlar (mobil aloqa, internet va b.)dan foydalanadigan tashkilotlar faoliyatida esa 29 avgustdagi kurs bo‘yicha tariflarning so‘mda belgilanishi oqibatida deyarli o‘zgarish kuzatilmaydi va uzog‘i ikki kvartaldan keyin yana narxlarni barqaror siyosatini yuritish imkoni hosil bo‘ladi.

Jismoniy shaxslarga keladigan bo‘lsak, endi istalgancha miqdordagi xorijiy valyutani bozor kursida banklarga topshirgan holda naqd so‘m olishlari mumkin. Agar xarid qilishmoqchi bo‘lishsa, xalqaro plastik kartalar (VISA/Master card/China Union Pay)ning biriga bozor kursida o‘tkazib beriladi.

Yana o‘sha eski hech qayerga o‘tmaydigan plastik kartami deydiganlar diqqatiga, bu eski konversion kartalar tizimi emas. (Ma'lumot uchun, eski maxsus konversion kartalar tizimida 2 ming AQSh dollarigacha mablag‘ o‘tkazilgan hamda undan internetda to‘lovlarni amalga oshirish imkoni bo‘lmagan, naqd pul yechish bo‘yicha juda katta cheklovlar qo‘yilgan, bir qancha davlatlardagi terminallarda ishlashiga cheklovlar qo‘yilgan). Endilikda olinadigan xalqaro plastik kartalarida har qanday to‘lov yoki xizmatni amalga oshirish imkoniyati bo‘ladi. Bu chet elda naqd pul olib yurgandan ming marta afzal. Axir bankdan xorijiy valyutani sotib olayotgan insonning asosiy maqsadi undan yoki xorijdan biror narsa xarid qilish yoki xorijda xizmatlardan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish bo‘lishi kerak, O‘zbekiston ichidagi har qanday narsani so‘mda ham olishi mumkinku?

Aslida bizda xorijiy valyuta, xususan AQSh dollariga nisbatan ko‘proq jamg‘arish vositasi sifatida qaraladi. Uning qiymati ham davlat tomonidan, ham qora bozor tomonidan oshib kelayotgani uchun ham naqd AQSh dollari vasvasasiga barcha birday chalingan. Endi O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha to‘lovlar milliy valyuta so‘mda amalga oshirilishi qonunan belgilangandan keyin qonunni ham hurmat qilgan holda va qat'iy amal qilgan holda so‘mda amalga oshirilishiga xususan farmonda alohida urg‘u berib o‘tilgan. Hech kimga sir emaski, bizda ko‘chmas mulk obektlari, avtomobillar va umuman, yirikroq qiymatga ega bo‘lgan barcha turdagi tovarlar narxi dollarga chamalab belgilanishi va kerak bo‘lsa, o‘zaro naqd dollarda hisob-kitob qilinishi odatiy hol bo‘lib ulgurgan. Endilikda, mayli shu yirik obektlar naqd oldi-sotdisida noqulayliklar kamroq bo‘lsin deb davlatimiz 50 mingtalikni ham amaliyotga chiqardi. Endi barchasi so‘mda to‘lanishi asosiy maqsad qilingan.

Endi umumiy mahsulot va xizmatlarning umumiy narx-navosiga to‘xtaladigan bo‘lsak, avvalo iste'mol bozoridagi mahsulotlar narxida deyarli o‘zgarish bo‘lmasligi kutiladi (chunki, ular o‘zi qora bozor kursiga qarab belgilangan), oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida ham xuddi shunday holat kuzatilishi belgilangan (ayrimlari qora bozor kursiga qarab belgilangan, qolganlariga xom ashyo orqali bilvosita ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha qiymatni davlat tomonidan maqsadli nazorat qilinishi belgilangan), transport va aloqa xizmatlari narxlarida katta o‘sish kuzatilmaydi (chunki davlat kursidan bozor kursiga o‘tishda yangicha tariflar ishlab chiqilishi belgilangan va hozircha 29 avgustdagi 4210.35 so‘m kurs dastlabki kurs bo‘lishi belgilangan). Umuman olganda narx-navoda hamma vahima qilayotgandek katta sakrashlar bo‘lmaydi, aksincha barchasi hali belgilangandek amalga oshsa, kelajakda bizda ham import qilinadigan tovarlar narxi arzonlashishi mumkin.

Yana eski davrlardagidek valyuta ayirboshlash shoxobchalarida turna-qator navbatlar bo‘ladimi? deya siqilayotgan insonlar uchun hech ham qayg‘urmasliklarini maslahat berardik, unday navbatlar bo‘lmaydi. Chunki, endilikda bu barcha banklarning barcha hududlardagi shoxobchalarida cheklovsiz bozor kursida xalqaro plastik kartaga o‘tkazib berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Ilgari navbatda turganlarning asosiy maqsadi bozor kursi bilan davlat kursi o‘rtasidagi kurs farqidan daromad olish bo‘lgan. U paytlar naqd xorijiy valyutani sotib olishgan va shuni ayrimlar hattoki tirikchilik qilib olishgan edi. Xayriyatki, 2013 yil fevraldagi qarordan so‘ng barcha sotiladigan xorijiy valyutadagi mablag‘lar jismoniy shaxslarning xalqaro plastik kartaga tashlanadigan bo‘ldi. Yangi tartib bo‘yicha esa xalqaro plastik kartaga belgilangan tartibda ariza bergan mijozlarning puli tegishli muddatda o‘tkazib beriladi. Bunda o‘z-o‘zidan navbat hosil bo‘lishiga manfaat ham asos ham yo‘q.

Qora bozor butunlay yo‘q bo‘lib ketadimi?  Qora bozordagi pul aylanmalari hajmi birdaniga emas balki asta-sekinlik bilan kamayib boradi, biroq katta ehtimol bilan hali ancha vaqt amalda bo‘lib turadi. Chunki, bu insonlarimiz psixologiyasida naqd pulga bo‘lgan ishonch o‘sha sobiq Sovet ittifoqi davridan beri mustahkam o‘rnashib kelgan. O‘sha eski chayqovchi bozor o‘rnida bugun qora bozorning amal qilishi bizning xalqimiz uchun go‘yoki tabiiy hol. Biroq bugungi kun davri bu axborot texnologiyalari davri, unda barcha pul o‘tkazmalari avtomatik tarzda maxsus tarmoqlar orqali o‘tishi barcha davlatlarda allaqachon an'anaviy pul bilan hisob-kitob ko‘rinishi bo‘lib ulgurgan. Biroq qora bozor mavjud bo‘lishidan manfaatdor yana bir tomon vakillari mavjudki, u ham bo‘lsa yashirin iqtisodiyotda faoliyat yurituvchilardir. Ularning asosiy maqsadi, amalda bo‘layotgan pul aylanmalarini bankdan tashqari amalga oshirish va natijada soliqdan qochish hamda ayrim noqonuniy bitimlarini amalga oshirish imkoni. Barcha korrupsiya va firibgarlik jinoyatlari ham aynan mana shu yerda amalga oshirilishi mumkin. Sababi ushbu yo‘nalish vakillari o‘zlari haqidagi ma'lumotni barchadan sir saqlashni va ko‘zga ko‘rinmaslik uchun ham naqd ko‘rinishda nazoratsiz ishlashni ma'qul ko‘rishadi. Xorijiy valyutaning bank orqali aylanmasida barcha pul o‘tkazmalari harakati yaqqol ko‘rinib turgani uchun yashirin iqtisodiyot vakillari endi oddiy valyuta qora bozoridan tashqari boshqa yangi elektron pullar bozoriga o‘tishi ham mumkin. Hali ancha vaqtgacha odamlar qora bozordan naqd valyuta xarid qilishni kanda qilishmaydi, chunki bizning kishilarda shu bankka borsa xuddiki, nimanidir ortiqcha talab qiladigandek tuyg‘u hamon saqlanib qolgan. Shuning uchun, odamlarimiz toki o‘zlari qora bozorga bo‘lgan talabni yo‘qotmas ekanlar, bu bozor mavjud bo‘laveradi.

Oddiy xalq bu erkin konvertatsiyadan faqat zarar ko‘radi deb fikrlovchilar diqqatiga, agar dastlabki ikki-uch oyni hisobga olmaganda foyda ko‘rsa ko‘radiki, hech qanday zarar ko‘rmaydi. Dastlabki oylarda darhaqiqat narxlarning o‘zgarishi (tashkilotlar hali narx siyosatini to‘liq belgilab olmaguncha) birmuncha xarajatlar ko‘payishiga olib kelishi mumkin, biroq keyinchalik bir maromga tushib olgach, barcha sohalarda juda ko‘p qulayliklar yuzaga keladi. Endilikda, ish o‘rinlari va ish haqi miqdorlarini ko‘payishi kuzatiladi, to‘lovlarda uzluksizlik, yangidan-yangi xizmatlar joriy qilinadi, ko‘plab juda qulay bo‘lgan elektron hamyonlar amaliyotga kirib keladi. Bularning barchasi umumiy olganda jamiyat hayotiga juda katta ijobiy ta'sir o‘tkazadi.

50 mingtalik kupyuraning chiqishi va dollarning banklar tomonidan cheksiz berilishi so‘m pulini sinishini bildiradi deb juda katta xato fikrlovchi insonlar diqqatiga, valyutaning erkin konvertatsiya bo‘lishi avvalo banklarning istalgan miqdordagi chet el valyutasini konvertatsiya qilib berishini talab etadi.Bu yirik nominaldagi kupyura (50 mingtalik) chiqishi bu bozordagi narx-navo va kichik nominaldagi kupyuralarga nisbatan xarajatni qisqartirish uchun qilinadigan tabiiy choradir. Shuningdek, iqtisodchilarning fikricha, mamlakatlarda eng kam oylik ish haqininng yarmigacha bo‘lgan miqdordagi nominal kupyuralarning muomalada bo‘lishi bu normal holat. Bizda bugungi kunda eng kam oylik ish haqining miqdori deyarli 150 ming so‘mligini hisobga olsak, 75 ming so‘mgacha bo‘lgan kupyura muomalaga kiritilishi ham hali tabiiy holat deb qaralishi mumkin.

Endi so‘mning xorijiy valyutaga nisbatan kursi qanday belgilanadi? Endi bizningcha avvalgidek Markaziy bank tomonidan maqsadli devalvatsiyani amalga oshirilishi siyosati biroz o‘zgaradi va natijada asosan eng yirik bitimlar tuziladigan birja va banklardagi oldi-sotdi kurslari asos qilib olingan holda bozor mexanizmidagi real talab va taklifdan kelib chiqqan holda kurs belgilanishi kutilmoqda. Bunda dastlabki oylarda xorijiy valyutaga nisbatan talab foydasini to‘liq repatriatsiya qila olmay kelayotgan tashiklotlar hisobiga yuqori bo‘lishi kutiladi va natijada kurs oshishi mumkin. Biroq, agar xorijiy valyutaga bo‘lgan talab yetarlicha taklif bilan qondirilsa, o‘z-o‘zidan bir ikki kvartaldan keyin tabiiy bozor mexanizmi amal qilgan holda barqaror bozor kursi amal qila boshlaydi. 5 sentabrdan boshlab dastlabki bozor kursining tahminiy miqdori amaldagi birja kursi va qora bozor kursi bo‘yicha o‘rtacha hisoblaganda 8000 so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Nima bo‘lgan taqdirda ham boshlangan ushbu murakkab jarayonda barcha birday anglagan holda o‘zgarishlarni (ular qanday bo‘lishidan qat'i nazar) to‘g‘ri tushungan holda qabul qilishi maqsadga muvofiq.

Mansur Tangishov, moliyachi-ekspert

Mavzuga oid