Light | 19:20 / 26.02.2018
107941
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek ayoli butun bir shaharcha uchun bepul elektr energiyasi olayotgani haqida hikoya

Foto: theopenasia.net

Davlat eski GESlarni konservatsiyalanishdan xalos etib, yangisini qurish bilan ovora bo‘lib turgan bir paytda, O‘zbekistonning oddiy aholisi elektr energiyasini o‘zlari olishga harakat qilib kelishmoqda. Bunda suvning kinetik energiyasidan elektr ishlab chiqaruvchi va kichik (100 kVt.gacha) quvvatga ega mikro GESlar yordamga kelmoqda.

«Ochiq Osiyo onlayn» muxbiri Namangan injyenerlik-texnologiya instituti tadqiqotchisi, bugungi kunda Namangan viloyatining Kosonsoy shahridagi kichik suv oqimlariga tajriba tariqasida mikrogidroelektr stansiyalari o‘rnatib kelayotgan Zulfiya Mamadaliyeva bilan suhbatlashdi.

Aynan mana shu tinim bilmas, nozik ayol o‘z ona shahrini bepul energiya bilan ta'minlash haqida birinchilardan bo‘lib bosh qotira boshladi.

Foto: The Open Asia 

— Ayting-chi, O‘zbekistonda kam o‘rganilgan va deyarli o‘zlashtirilmagan mavzu bilan shug‘ullanishingizga nima turtki bo‘ldi?

— O‘z ilmiy ishim doirasida va Namangan viloyatidagi ishbilarmonlar va fermerlar bilan ishlaganimda ular muqobil energiya manbalari haqida mutlaqo tushunchaga ega emasliklariga duch kela boshladim. Ular bunda faqat quyosh qurilmalarini tushunishar ekan. Lekin quyosh energetikasidan tashqari ham boshqa ko‘plab, samarali usullar ham bor-ku? Mikrogidroelektr stansiyalar borasidagi tadqiqotlarim ana shunday boshlandi. Avvaliga men o‘zim uchun qaydlar qilib bordim, keyin tumanimizni to‘liq tadqiq qila boshladim — ya'ni, fermer xo‘jaliklarining ehtiyojlarini qondira oladigan, energiya ta'minoti o‘rnini bosa oladigan mikroGESlar barpo etish uchun istiqbolli joylarni topish maqsadida.

— Mikro gidro elektr stansiyalarining afzalligi nimada?

— Birinchidan, ularning asosiy plyusi — o‘z narxi bilan tadbikorlar uchun jozibador. Axir bugun narx-navo masalasi o‘ta muhim. Biz tajriba tariqasida o‘rnatgan qurilma u qadar qimmat emas. Balkim u biroz beso‘naqay ko‘rinar, aslida uni o‘rnatish, yechish, biror joyga ko‘chirib o‘tkazish juda oson. Agar suv oqimi o‘zgarsa, siz uni bemalol boshqa joyga ko‘chirib, sozlashingiz mumkin. Shunday qilib, siz katta mablag‘ ham, mehnat resurslari ham sarflamaysiz.

Foto: The Open Asia 

Qurilmamizning ikkinchi afzalligi shundaki, u aynan kichik suv oqimlariga mo‘ljallangan va bunday joylar tumanimizda ham, O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham juda ko‘p. Bular soniyasiga uchdan besh metrgacha tezlikda oqadigan ariqlar, soylardir. Agar tadbirkorga yirik GES qurish uchun yirik moliyaviy mablag‘lar va kuchlar kerak bo‘lsa, bizning qurilmani oddiy ariqqa ham o‘rnatish mumkin. Biz gidroelektr stansiyamiz viloyatlar va tumanlar aholisi o‘rtasida mashhurlashib ketishidan umidvormiz.

— Mikro gidroelektr stansiyalar atrof-muhitga zarar yetkazmaydimi?

— Avvalo shuni ta'kidlash kerakki, bu yerda toza energiya ishlab chiqariladi. MikroGES ishlashi natijasida suv va ekologiyaga biror bir ziyon yetmaydi. Masalan, 1 kVt energiya ishlab chiqarish uchun katta miqdorda qazilma yonilg‘i talab etiladi. MikroGES holatida esa biz hech qachon tugamaydigan tiklanuvchi energiya manbasiga ega bo‘lamiz. Bu ishda eng asosiysi — dastgohlarni to‘g‘ri o‘rnatish va ularga o‘z vaqtida qarab turish.

— Qurilmangiz qaysi prinsip asosida ishlaydi?

— Aytishim mumkinki, bizning mikrogidroelektr stansiyamiz — yengil turdagi hisoblanadi. Bu nimada namoyon bo‘ladi? Mohiyatan, mikroGES modernizatsiyalashgan chig‘ir (charxpalak) — Markaziy Osiyo davlatlarida azaldan bog‘larni, uzumzorlarni va dalalarni sug‘orish uchun ishlatib kelingan suv ko‘tarib beruvchi qurilmaning o‘zi. U eramizning III asrida xorazmiylarning ajdodlari tomonidan ixtiro qilingan.

Foto: Kg.akipress.org

Bu qadimiy mexanizm ishining arzonligi, qulayligi va mustahkamligi nafaqat qadimda mirishkorlar orasida uni mashhur qilgan, bugungi kunda ham zamonaviy sharoitlarda oqim energiyasidan foydalanish uchun turli qurilmalarni yaratish uchun olimlarni ilhomlantirmoqda. Biz o‘sha chig‘irni biroz murakkablashtirib, uni mobil qurilmaga aylantirib, energiya ishlab chiqarishga moslashtirdik.

— MikroGES qanday o‘rnatiladi?

— Avvaliga biroz qiya joy topiladi yoki shunday joy yasaladi. Qaytarib aytaman, bu holda katta kuch talab qilinadigan ish bajarilmaydi — uni har qanday ariqqa ham o‘rnatish mumkin. Suv sathiga perpendikulyar joylashgan parrakli qurilma yarmisigacha suvga kirgiziladi. Ish mobaynida suv parraklarga bosim o‘tkazadi va g‘ildirakni aylanishga majbur qiladi. Hammasi oddiy: minimal xarajatlar bilan tayyorlash oddiyligi va maksimal FIKga ega bo‘lish yuzasidan bu qurilma juda yaxshi ish beradi. Shu sababli amaliyotda tez-tez qo‘llaniladi.

Foto: The Open Asia 

— Mana shunday bir qurilmaning ishlab chiqarish quvvati qancha?

— Bizning qurilmamiz 10–15 kVtga mo‘ljallangan u bemalol ikki yoki uch fermer xo‘jaligini elektr energiyasi bilan ta'minlay oladi. Qurilma o‘rnatilishi bilan birgalikda 20–25 million so‘mga tushadi. Aytaylik, uni uchta oila xarid qilsa 2–2,5 yil ichida u o‘zini to‘liq qoplab beradi.

Bundan tashqari, alohida qayd etib o‘tishim kerakki, mamlakatimiz viloyatlarida ilgari faoliyat ko‘rsatgan juda ko‘plab mikrogidroelektr stansiyalari ham bor. Bizning qurilmalarimizni bemalol o‘sha inshootlarga o‘rnatish ham mumkin, bu yanada arzonroqqa tushadi.

— Sizningcha, mamlaktimiz aholisini elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun mana shunday qurilmalardan nechta o‘rnatish kerak?

— Bu aholi ehtiyojlari, ularning soni va boshqa ko‘plab omillarga bog‘liq. Masalan, Namangan viloyati aholi zich joylashgan viloyat hisoblanadi, shu sababli uni ta'minlash uchun juda ko‘p qurilma kerak. Lekin mikroGESning asosiy plyusi nimada? Siz bunday qurilmalarning bir nechtasini bitta qishloqda o‘rnatishingiz mumkin. Ular bir-birining ishiga xalaqit bermaydi.

— Plyuslaridan tashqari, qurilmaning o‘ziga yarasha kamchiliklari ham bo‘lsa kerak?

— Birinchi va asosiy kamchiligi butlovchi qismlar yetishmasligida. O‘zbekistonda ayni paytda generatorlar yo‘q, ularning barchasi xorijdan xarid qilinadi. Qurilmadagi eng qimmat tarkibiy qism ham aynan generator hisoblanadi. Agar vatanimizda bu uskuna ishlab chiqarila boshlansa, qurilmamizning tannarxi ikki barobargacha arzonlashgan bo‘lar edi. Umid qilamizki, ana shunday ishlab chiqaruvchilar bizda albatta paydo bo‘ladi, bundan tashqari buyurtmachilarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda birato‘la mikroGES ishlab chiqaruvchilar tashkil qilinsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Mavzuga oid