Biznes bilan shug‘ullanishi qat'iyan taqiqlanadigan davlat mansabdorlari ro‘yxatini belgilash haqidagi band korrupsiyaga qarshi kurashishga oid prezident qaroridan chiqarilgan edi. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bu borada izoh berib, vazirlik “amaldorlarga tadbirkorlik qilish taqiqlanishi kerak” degan pozitsiyada ekanini bildirdi.
“Bu mavzuda Kun.uz maqola berdi. Shu maqolani berayotganda shuni so‘rashlaringiz kerak edi. Maqolani berdingizlar, natijada hamma o‘yladiki: “Farmonning eng muhim jihatlari chiqib ketdi, qaytarilmaydi”, degan noto‘g‘ri ma'no tarqaldi.
Muhokamaga qo‘yilgan bandda shunday yozilgandi: “Adliya vazirligi Bosh prokuratura hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 oktyabrga qadar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qat'iyan taqiqlangan davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari va xodimlarining ro‘yxatini belgilash bo‘yicha takliflarni kiritsin”.
Shu banddagi “aniq ro‘yxat” degani o‘rniga “davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etganligining huquqiy oqibatlarini belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi”ga almashtirildi. Ya'ni bu masala ochiq qolyapti, degan ma'no kelib chiqmayapti”, – dedi vazir 9 iyul kuni matbuot anjumanida.

Davlat xizmatchilariga tadbirkorlik qilish hozir ham taqiqlangan
Davletovning tushuntirishicha, davlat xizmatchilariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangani amaldagi qonunchilikda aks etgan.
Adliya vaziri hukumatning ikkita qarori haqida to‘xtaldi.
Jumladan, 2016 yil mart oyida hukumat qarori bilan “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari” tasdiqlangan.
Qoidalarning 15-bandiga ko‘ra, davlat xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi. Davlat xizmatchilari manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rish maqsadida tijorat tashkilotlarining ustav kapitalida ishtirok etishi to‘g‘risida o‘z rahbarini xabardor qilishi shart.







