«Zalujniy to‘g‘risini gapirdi». Klichko urush «boshi berk ko‘chaga kirib qolgani»ni aytgan bosh qo‘mondonni qo‘lladi
U ayrim ukrain siyosatchilaridan farqli o‘laroq Zalujniy tomonida turishini aytgan.
Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning The Economist jurnaliga bergan intervyusida urush «boshi berk ko‘chaga kirib qolgani», ukrainlarning qarshi hujumi yillarga cho‘zilishi mumkin bo‘lgan pozitsion urushga aylanayotgani haqida aytgan gaplariga qo‘shilishini bildirgan.
Klichko Shveytsariyaning «20 Minuten» nashriga intervyu bergan. Jurnalist undan Zalujniy frontdagi vaziyatni «turg‘unlik» deb atab xato qildimi, deya so‘ragan. Kiyev meri fikricha, Ukraina QK bosh qo‘mondoni «haqiqatni aytgan».
«Ba’zida odamlar haqiqatni eshitishni istamaydi. Ammo oxir-oqibat u javobgar. Bugungi kundagi vaziyatni u izohlaydi va asoslab beradi. Albatta, biz eyforiya ichida xalqimiz va hamkorlarimizni aldashimiz mumkin. Ammo buni abadiy qilib bo‘lmaydi», — degan Klichko.
U ayrim ukrain siyosatchilari Zalujniyni «nohaq» tanqid qilayotgani, o‘zi esa «uning tomonida turishi»ni aytgan.
Klichkodan shuningdek prezidentlik ambitsiyalari bor yoki yo‘qligi haqida so‘rashgan. Kiyev meri Ukraina o‘z mavjudligi uchun kurashayotgan pallada bu haqda gapirish ahmoqlik bo‘ladi, deb hisoblashini aytgan. Shu bilan birga, Ukrainaning hozirgi prezidenti Volodimir Zelenskiyning reytingi pasayib ketayotganidan ajablanmasligini bildirgan. Kiyev merining fikricha, «odamlar kim samaradorli ekani, kim esa yo‘qligi»ni ko‘rib turibdi, Zelenskiy esa «o‘zi yo‘l qo‘ygan xatolar uchun to‘lov qilmoqda».
«Odamlar biz urushga nega yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rmaganimiz haqida savol berishadi. Nima uchun Zelenskiy oxirigacha ish bungacha yetib bormasligiga ishonib, vaziyatni inkor etganini. Yoki rossiyaliklar nima uchun bu qadar tez fursatda Kiyevga yetib kelganini. <…> Ammo baribir bugun prezidentning muhim vazifalari bor va biz uni urush oxiriga qadar qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Ammo urush oxirida har bir siyosatchi o‘z muvaffaqiyatlari va muvaffaqiyatsizliklari uchun javobgar bo‘ladi», — degan Klichko.
- Noyabr oyi boshida The Economist jurnalida Zalujniy bilan intervyu chiqqan, u boshqa narsalar qatori urush «boshi berk ko‘chaga kirib qolgani» haqida gapirgandi. Bunga javoban Zelenskiy frontdagi vaziyatni «turg‘unlik» deb hisoblamasligini aytgandi. Ukraina prezidenti ofis rahbari o‘rinbosari Igor Jovkva UQK bosh qo‘mondoni intervyusi xalqaro hamkorlar orasida «vahimali kayfiyat» uyg‘otganini bildirgandi. Uning fikricha, frontdagi voqealarni sharhlamaslik kerak, chunki bu «tajovuzkorning ishini yengillashtiradi».
- The Economist o‘z manbasiga asoslanib, Zalujniy va Zelenskiy munosabatlarini «dahshatli»dan boshqa so‘z bilan ifodalab bo‘lmasligini yozgandi. Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak prezident va bosh qo‘mondon o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgani haqidagi xabarlarni nonsens deb baholagan.
Mavzuga oid
20:14 / 24.11.2024
Rossiya armiyasining «Janub» qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni lavozimidan chetlatildi
19:21 / 24.11.2024
FT: Rossiya yuzlab yamanliklarni Ukrainaga qarshi urushga yolladi. Ular shartnoma imzolashga majburlanmoqda
15:06 / 24.11.2024
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi - Reuters
14:22 / 24.11.2024