Iqtisodiyot | 14:12 / 22.04.2026
9081
6 daqiqa o‘qiladi

Umumiy ovqatlanish tarmoqlari peshlavhalar olib tashlanayotgani bo‘yicha murojaat bilan chiqdi

Dodo Pizza, Belissimo Pizza, Evos, Feed Up, KFC va Papa Johns mas’ul idoralarga jamoaviy murojaat yo‘llab, Toshkent shahridagi peshlavhalar yoppasiga olib tashlanayotganidan shikoyat qildi. Kun.uz suhbatlashgan tadbirkorlardan biri peshlavhalar olib tashlanganidan keyin savdo pasayishni boshlagani, restoranga odam kirishi kamayganini aytmoqda.

Foto: Chilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati

Toshkentdagi yirik umumiy ovqatlanish tarmoqlari shahardagi peshlavhalar yoppasiga demontaj qilinayotganidan norozilik bildirib, jamoaviy murojaat bilan chiqdi.

Dodo Pizza, Belissimo Pizza, Evos, Feed Up, KFC va Papa Johns tomonidan imzolangan murojaat – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsmanga yo‘llangan.

Unda qayd etilishicha, 2026 yil boshidan buyon poytaxtda tadbirkorlik sub’yektlarining peshlavhalarini olib tashlash ishlari ko‘pincha tadbirkorlarni oldindan yozma ravishda ogohlantirmasdan, bu talab yuzasidan nizolashish yoki ixtiyoriy demontaj qilish uchun muddat bermasdan amalga oshirilmoqda.

Berilgan xabarnomalarda esa aynan qaysi qonun normasi buzilgani, nomuvofiqlik nimada ekani, qaysi dizayn talablari asos qilib olingani ko‘rsatilmayapti. Kamchiliklarni ixtiyoriy bartaraf etish uchun vaqt berilmayapti.

Murojaat mualliflari bu amaliyot belgilangan tartib va protsessual talablarga zid ekanini, ayrim hollarda esa ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgilariga ham ta’sir qilib, biznesning identifikatsiyasi va intellektual mulk huquqlarini cheklayotganini qayd etgan. Shu bois ular demontaj ishlarini vaqtincha to‘xtatish, aniq va shaffof qoidalarni tushuntirish hamda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishni so‘ramoqda.

Tadbirkorlar “Tovar belgilari to‘g‘risida”gi hamda “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarda belgilangan normalarni eslatib o‘tgan. Xususan, rasmiylarning tovar belgisini shahar dizayn-kodiga moslash talabi intellektual mulk huquqiga daxl qilishi, bu holat qonuniy tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilishi ta’kidlangan.

Ular umumiy ovqatlanish shoxobchalari fasadidagi peshlavhalarni demontaj qilish ishlarini to‘xtatish va biznes-hamjamiyat bilan rasmiylar o‘rtasida uchrashuv tashkil qilishni so‘ramoqda.

“Biz Toshkent shahrini zamonaviy va ko‘rkam ko‘rinishga keltirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz, lekin O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, huquqiy aniqlik va tadbirkorlarning protsessual huquqlari kafolatlariga rioya qilinishi prinsipial ahamiyatga ega deb hisoblaymiz”, – deyiladi murojaatda.

“Peshlavhalar olib tashlanganidan keyin savdo pasayishni boshladi”

Muammo biznesga qo‘shimcha xarajat yuklamoqda: tadbirkorlar peshlavhalarni qayta tayyorlash, hujjatlashtirish yoki butunlay olib tashlashga majbur bo‘lmoqda. Bundan tashqari, nomsiz qolgan do‘kon va dorixonalar iste’molchilar uchun ham muammo tug‘diradi – odamlar kerakli joyni topishda qiynaladi, ortiqcha vaqt sarflaydi.

Kun.uz'ga murojaat qilgan tadbirkorlardan birining aytishicha, u egalik qiladigan restoranlarning bir nechtasidagi peshlavhalar ogohlantirishsiz olib tashlangan.

“Toshkentda o‘ndan ziyod filiallarimiz bor. Bizning nom yozilgan peshlavhalarni olib tashlaganini eng katta adolatsizlik deb baholayman. Bitta tumanda kelib ogohlantirishdi, boshqa tumandagi filialimizni esa ogohlantirmay buzishdi. Dizayn kodga to‘g‘ri kelmaydi deb olib tashlashga qaror qilishdi, ayrim tumanlardagi filialimizni ogohlantirmasdan, ertalab sahardan kelib yechib tashlashdi, biz o‘z huquqlarimizni ham himoya qila olmadik.

Butun shahar qiyofasi bir xil dizayn kod bo‘yicha bo‘lishi kerak ekan. Katta-katta kafelarning nomlarini olib tashlashdi. Bu biznesga katta noqulaylik va zarar tug‘dirmoqda: deylik yangi mijoz keldi, u qayerdan bilsin bizning brendimizni? Nomlar olib tashlanganidan keyin savdo pasayishni boshladi, restoranga kamroq odam kirishni boshladi”, – deydi u.

Tadbirkorning aytishicha, peshlavhalar olib tashlanganidan keyin ularni qayta tiklash borasida amaliy yordam berilmayapti.

“Bizga yo‘nalish berishsin, o‘zgartirishingiz kerak, deyishsa, biz yo‘q demasdik. Dizayn kod bo‘yicha bergan takliflarimizni hech qanday asossiz rad etishyapti”, – deydi u.

Hokimiyat ko‘rsatayotgan huquqiy asos

Vazirlar Mahkamasining 2023 yildagi 428-son qaroriga ko‘ra, axborot beruvchi peshlavhalar yuzasi 1 kvadrat metrdan oshmasligi kerak. Aks holda, ular tashqi reklama sifatida baholanadi va reklama joyi pasporti rasmiylashtirilib, tegishli to‘lov undiriladi.

Biroq bu tartibni qo‘llash Toshkent ko‘chalarida bir xil emas. Ayrim hududlarda peshlavhalar olib tashlangan bo‘lsa, boshqalarida ular saqlanib qolgan. Ayniqsa, Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida nomsiz qolgan do‘konlar ko‘proq ko‘zga tashlanadi, biroq bu yerda ham yagona yondashuv yo‘q.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan shahardagi eng serqatnov 472 km yo‘llar aniqlangan va birinchi bosqichda 100 km hududdagi peshlavhalar demontaj qilinmoqda. Bu bosqichga asosan Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlari kirgan.

“Kimningdir peshlavhasi saqlanib qolgan bo‘lsa, u oldindan qonuniy rasmiylashtirilgan. Keyinchalik dizayn kod talablariga mos kelmasa, tadbirkorlar bilan kelishilgan holda o‘zgartiriladi”, – deyiladi hokimlik izohida.

Мадина Очилова
Muallif Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid