O‘zbekiston | 16:00 / 21.06.2019
80243
4 daqiqa o‘qiladi

Senat «Qurol to‘g‘risida»gi qonunni ma'qulladi. Fuqaroviy qurol olish uchun qanday hujjatlar talab qilinadi?

Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida «Qurol to‘g‘risida»gi qonun ma'qullandi. Mazkur hujjatda fuqaroviy, xizmat va jangovar turlari, ular bilan muomala, qurollar va o‘q-dorilar realizatsiyasi va boshqa qator masalalar huquqiy tartibga solingan.

Qonunga muvofiq, qurol olish uchun ruxsatnoma Milliy gvardiya tomonidan berilishi belgilandi.

Fuqaroviy qurolni olish uchun qanday hujjatlar talab qilinadi?

Fuqaroviy qurol ruxsatnomasini olish uchun O‘zbekiston fuqarosi doimiy yashash joyi bo‘yicha Milliy gvardiya organiga quyidagilarni taqdim etishi talab etiladi:

  • ariza;
  • shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport);
  • quroldan xavfsiz foydalanish qoidalariga oid bilimi tekshiruvdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi hujjatlar;
  • qurolga egalik qilishga qarshi ko‘rsatmalar mavjud emasligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa;
  • arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im to‘langanini tasdiqlovchi hujjat;
  • ovchilar jamoat birlashmasi tomonidan berilgan ovchilik guvohnomasi (ov qurolini olish uchun);
  • ovchilar jamoat birlashmasining tavsiyanomasi (soyli stvolli ov o‘qotar qurolini, shuningdek og‘iz qismidagi quvvat oltmish besh jouldan yuqori va kalibri to‘qqiz millimetrdan ortiq bo‘lgan pnevmatik ov qurolini olish uchun);
  • otish sporti sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs tomonidan berilgan sportchi guvohnomasi (sport qurolini olish uchun).

Milliy gvardiya fuqarolarning arizalarini o‘ttiz kun muddatda ko‘rib chiqadi.

Fuqaroviy qurol ruxsatnomasi kimlarga berilmaydi?

Qonunda fuqaroviy qurol olishga murojaat qilgan O‘zbekiston fuqarolarining quyidagi guruhlariga ruxsatnoma berish rad etilishi belgilangan:

  • ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida (21 va 18 yosh – tahr.) belgilangan yoshga to‘lmaganlarga;
  • muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlarga;
  • ushbu moddaning beshinchi qismida sanab o‘tilgan hujjatlarni taqdim etmaganlarga yoki taqdim etilgan hujjatlarida noto‘g‘ri yoxud buzib ko‘rsatilgan ma'lumotlar mavjud bo‘lganda;
  • qasddan jinoyat sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmaganlarga yoki sudlanganligi olib tashlanmaganlarga;
  • jinoiy jazoni o‘tayotganlarga;
  • doimiy yashash joyiga yoki qurol va uning o‘q dorilari but saqlanishini ta'minlaydigan saqlash sharoitlariga ega bo‘lmaganlarga;
  • o‘ziga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganlarga;
  • O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 185, 220, 221 va 222-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma'muriy javobgarlikka tortilganlarga;
  • jamoat tartibiga, belgilangan boshqaruv tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklarni sodir etganlik yoki ov qoidalarini buzganlik, shuningdek badanga yengil shikast yetkazganlik va giyohvandlik vositalarini, ularga o‘xshash vositalarni yoki psixotrop moddalarni uncha ko‘p bo‘lmagan miqdorda qonunga xilof ravishda tayyorlaganlik, olganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoki jo‘natganlik uchun bir yil davomida takroran ma'muriy javobgarlikka tortilganlarga;
  • qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlar mavjud bo‘lganda.

Qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar va jismoniy nuqsonlar ro‘yxati, shuningdek fuqarolarning tibbiy tekshiruvdan o‘tishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Qonunda ta'kidlanishicha, fuqaroviy qurolni olishga doir ruxsatnoma berish rad etilgan taqdirda, Milliy gvardiya organlari bu haqda arizachini rad etish sabablarini, qonun hujjatlarining aniq normalarini va arizachi ko‘rsatilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddatni ko‘rsatgan holda, qaror qabul qilingan sanadan e'tiboran bir ish kunidan kechiktirmay yozma shaklda xabardor qilishi shart.

Mavzuga oid