O‘zbekiston | 12:18 / 01.02.2023
31449
7 daqiqa o‘qiladi

70 foizgacha kamaygan qog‘ozbozlik – maktabdagi sharoitdan o‘qituvchilarning ko‘ngli to‘lyaptimi?

Ustozlarning ko‘pi maktab ta’limida oxirgi yillarda bo‘lgan eng katta o‘zgarish sifatida o‘quvchilarni baholash jarayoni onlayn platformaga o‘tgani va shu sabab qog‘oz jurnal, kundaliklardan voz kechilgani bo‘lganini aytishmoqda. Qolaversa, so‘nggi 5-6 yilda majburiy mehnat barham topgani o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashiga ko‘proq vaqt qoldiryapti degan fikrda

Foto: Kun.uz

Ta’lim juda sekin o‘zgarayotgan soha bo‘lishiga qaramay, oxirgi yillarda bu sohada ayrim o‘zgarishlarni ko‘rish mumkin. Bu haqda bir necha yillardan beri O‘zbekistonning turli hududlarida ishlab kelayotgan o‘qituvchilar fikri bilan qiziqdik.

Biz suhbatlashgan ustozlarning ko‘pi maktab ta’limida oxirgi yillarda bo‘lgan eng katta o‘zgarish sifatida kundalik.com platformasi ishga tushgani va shu sabab qog‘oz jurnal, kundaliklardan voz kechilgani bo‘lganini aytmoqda. Qolaversa, o‘qituvchilar maktablarda majburiy mehnat bekor qilingani o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashiga ko‘proq vaqt qoldiryapti degan fikrda.

Toshkent shahri, Chilonzor tumanidagi 178-maktab o‘qituvchisi Ra’no Tojiboyeva:

Maktab ta’limi raqamlashtirishga o‘tilgani o‘qituvchilar uchun juda katta yengillik bo‘ldi. To‘g‘ri bu sohada ishlamagan odam buning qanchalik muhimligini bilmasligi mumkin. Lekin shu o‘zgarish bizdagi qog‘ozbozlikni 70 foizgacha qisqartirib yubordi. erp.maktab.uz degan platforma ishlab chiqilgani raqamlashtirishdagi eng asosiy voqea bo‘ldi. Bunda viloyatga ketadigan yoki viloyatdan Toshkentga keladigan o‘quvchilarning kelish-ketish talonlari onlayn joylashtirilgan bo‘ladi. Oldin shu talonlarning qog‘oz variantini olib kelib yurish kerak edi. Va buni 3-4 kun kutish kerak bo‘lar edi. Hozir bu bir necha soniya ichida hal bo‘ladi. Yoki oldinlari attestatingiz yo‘qolib qolsa, maktabga kelib, arxivdan topib qayta tiklashingiz kerak edi. Hozir shuni ham onlayn olish imkoni bor. Bundan tashqari, toifa olish tizimi ham qulay va tezlashdi. Oldinlari oliy toifa uchun 15 yil harakat qilish kerak edi, har 5 yilda navbatga qo‘yilardi. Hozir navbatdan tashqari pulni to‘lab turib, toifa olish yo‘lga qo‘yildi. 1,5 yilda o‘qituvchi oliy toifaga ega bo‘la olyapti. Pedagog xodimlar toifasini 1 yilda 2 marta oshirish imkoniga ega bo‘ldi.

Bekzod Yaxshiboyev, Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumani 13-maktabning tarix o‘qituvchisi:

Men ishlaydigan maktab Dehqonobod tumanidagi Boyqo‘rg‘on qishlog‘ida joylashgan. Maktabimiz markazdan ancha uzoq, jami 500ga yaqin o‘quvchi bor. Ilgari o‘zimiz bosh bo‘lib maktab o‘quvchilarini paxta dalalariga olib chiqardik. Ertalab 8da uydan chiqib ketib, kech 6-7da qaytardik. Juda charchaganimizdan dars haqida o‘ylolmasdik ham.

2 oylab tinimsiz paxtaga chiqib ketardik. Hatto bolalarga kunlik norma ham qo‘yilardi. Uylaridan 10 kilometr masofagacha olib ketgan vaqtlarimiz ham bo‘lgan. Ovqat, suv tanqis. Paxta tergan qo‘llarimizni yuvishga suv ham topolmagan vaqtlarimiz bo‘lgan. O‘quvchilar kichkina jussasida 30-40-50 kiloli qoplarni ko‘tarib chiqardi daladan. Bunday holatda o‘qish haqida qanday o‘ylash mumkin? Xullas, 9 oylik ta’limning 2 oyini dalalarda yashardik.  Mana o‘qituvchi va o‘quvchilarsiz ham paxta tersa paxta bo‘lar ekan-ku. Hozir bu haqda gapirishni ham istamayman.

Fotima Abduhalimova, Buxoro viloyati, Peshko‘ tumani 9-IDUMning geografiya fani o‘qituvchisi:

Aynan o‘zim ishlaydigan maktabda o‘qituvchilar umuman majburiy mehnatga jalb etilmaydi, hatto bitta supurgi ham ushlamaymiz. Qolaversa, maktab direktori Komila Hodiyeva o‘qituvchilarga majburiy mehnatga tish-tirnog‘i bilan qarshi turadi. Lekin mehnatga majburlash butunlay yo‘q bo‘lib ketmagan. Tumandagi boshqa ayrim maktablarda hamon o‘qituvchilarni maktab hovlisini tozalashga olib chiqishganini ko‘rganman.

Yana tinimsiz qog‘ozga chiqar, muhr bostir-bostir ishlaridan qutulganmiz. Kundalik.com, attestat.uz saytlari bor, ularga hamma ma’lumotlarini kiritib qo‘yamiz. Shu bilan qog‘oz deb boshimizni og‘ritib yurmaymiz. Konspektlar ham yo‘q bo‘ldi. Faqat yillik rejamiz bor. Shuning o‘zini qilib qo‘yib, dars beramiz.

Malika Abdullayeva, Toshkent shahri Sergeli tumanidagi 300-maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari:

Oldinlari turli masalalarda yuqori tashkilotlarning aralashuvlari ko‘p bo‘lar edi. Hozir shu narsa keskin kamayib boryapti. Biz ham qaysidir ma’noda erkin ijod qilishimiz kerak. Shuning uchun ayni damda erkinlikka ko‘p e’tibor berilgan. O‘zimiz xohlagandek ishlash imkoniyatiga ega bo‘lyapmiz. Hozirgi kecha-kunduzda elektron doskalar berilgani o‘quvchilarning darsga qiziqishini ancha orttirdi. Uning rang-barangligi, animatsion harakatli videolar qo‘yish imkoniyati borligi ayniqsa, o‘quvchilarda darsda o‘tirishga ishtiyoq paydo qilyapti. Va shu doskani kundalik.comʼni to‘ldirishda ham ishlata olamiz. Bundan tashqari unda yozish mumkin. Bo‘rli doskalardan qutuldik.

Shu bilan birga hozir xorij tajribasini o‘rgandik. Ularda bir mavzuni 20 xil uslubda o‘tish ishlanmalari yaratilgan ekan. Biz shuni 4 xil uslubda qilyapmiz. Ya’ni o‘quvchi, sinf xarakteri, o‘quvchilar bilim darajasiga qarab o‘sha dars ishlanmalaridan birini tanlaymiz. Bitta metod bilan hamma sinfga ham dars o‘tavermaymiz. Keyingi yildan bu tizim barcha sinflar kesimida joriy qilinadi.

Isroil Tillaboyev, matematika fani o‘qituvchisi:

– O‘qituvchilar bilimiga ko‘ra, olgan ustamalariga qarab sertifikatlar berilayotgani ustozlar uchun yaxshi rag‘batlantirish bo‘ldi. Eng korrupsion sistemalardan bo‘lgan fan olimpiadalari shaffof va haqqoniy tizimga aylantirilganini e’tirof etish mumkin. Avvallari fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarga umuman pul berilmagan, hozir har bir g‘olib rag‘batlantirilmoqda. Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga esa 120 milliondan oshiq pul mukofotlari berilyapti. Ularning ustozlari oyligiga esa 100 foiz ustama qo‘shilmoqda.

Bundan tashqari, 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarga o‘zlari tanlagan yo‘nalish bo‘yicha o‘qish imkoniyatini beruvchi 15 ta yo‘nalishda variativ sinflar ishlab chiqildi. Hozir ular soni 1100 tadan oshdi.

Yana bir narsani eslab ketishni juda xohlar edim. Tarixda ilk bor 2020 yili o‘qituvchilar uchun foizsiz avtomobillar ajratilgandi. O‘qituvchilar 2 yil davomida faqat mashina tannarxini bo‘lib to‘lashgandi. Shu narsaning qaytarilishini juda ko‘p o‘qituvchi istaydi.

Mavzuga oid