O‘zbekiston | 14:31 / 14.05.2021
3961
5 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada "Onalarga ehtirom" festivali bo‘lib o‘tmoqda

Farg‘ona viloyatining barcha shahar va tumanlarida "Onalarga ehtirom" festivali bo‘lib o‘tmoqda. Bu borada Farg‘ona viloyati hokimining “Onalarga ehtirom” festivalini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan.   

Farg‘ona viloyatining barcha shahar va tumanlarida “Onalarga ehtirom” festivali bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar berdi Kun.uz muxbiri.  Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan festivalni tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida imzolangan qarorda festivalni tashkil etishdan asosiy maksad dunyo beshigini tebratuvchi, muqaddas onajonlarimizga bo‘lgan mehr-muxabbatimizni, hurmatimizni namoyon etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ota-onaga hurmat, farzandlik burchlarini anglatib, onajonlarini e'zozlab, ehtiyotlab hurmat va ehtiromlarini to‘liq ado etishga yo‘naltirishdan iboratligi ta'kidlangan. 

Ta'kidlanishicha, hozirda viloyatning barcha hududlarida festivalni tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan Nizom, Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlangan bo‘lib, festival doirasida viloyatdagi har bir mahallalarda madaniy-ma'rifiy tadbirlar va tanlovlarning quyi tizim bosqichlari o‘tkaziladi. Tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etadilar.

Shuningdek, viloyatdagi yirik ishlab chiqarish va sanoat korxonalari, qishloq xo‘jaligi klasterlari hamda tadbirkorlik sub'yektlarida onalarni ulug‘lash bo‘yicha aksiyalar, hududlardagi fermer xo‘jaliklarida “Onalarga ehtirom” nomli tadbirlar ham tashkillanadi. Festival doirasida ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn ko‘rik-tanlovlar va #Bu_mening_onam xeshtegi orqali chelenjlar ham o‘tkazilishi belgilangan. 

Ma'lum qilinishicha, hozirda har bir quyi tizim tashkilot, muassasalarda may oyining uchinchi o‘n kunligida alohida bayram tadbiri tashkillanmoqda. Bayram tadbirida ehtiromga munosib onalarni taqdirlash, onalarni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar, she'rlardan iborat konsert dasturlari namoyish etilmoqda. 

Farg‘ona viloyati hokimligidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, festival doirasida quyidagi 26 ta nominatsiyalar bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkaziladi va baholanadi:

  1. “Eng yaxshi hunarmandlar sulolasi onasi” nominatsiyasi; 
  2. “Eng yaxshi rassomlar sulolasi onasi” nominatsiyasi;
  3. “Yurt iftixorlari onasi” (fan, ta'lim, madaniyat, san'at va sport yo‘nalishlarida xalqaro ko‘rik-tanlov, musobaqa va olimpiyada sovrindorlarining onalari) nominatsiyasi;
  4. “Eng yaxshi ma'rifatli farzandlar tarbiyalayotgan ayol” nominatsiyasi;
  5. “Eng yaxshi sportchilar sulolasi onasi” nominatsiyasi;
  6. “Eng yaxshi shifokorlar sulolasi onasi” nominatsiyasi;
  7. “Eng yaxshi o‘qituvchilar sulolasi onasi” nominatsiyasi;
  8. “Eng yaxshi gulchilar sulolasi onasi” nominatsiyasi; 
  9. “Eng yaxshi tadbirkorlar sulolasi onasi” nominatsiyasi;
  10. “Eng yaxshi harbiylar sulolasi onasi” nominatsiyasi
  11. “Eng yaxshi olimlar sulolasi onasi” nominatsiyasi
  12. “Eng yaxshi san'atkorlar sulolasi onasi” nominatsiyasi
  13. “Eng yaxshi sohibkorlar sulolasi onasi” nominatsiyasi
  14. “Eng yaxshi iqtisodchilar sulolasi onasi” nominatsiyasi
  15.  Ko‘p farzandli “Qahramon ona” nominatsiyasi
  16.  “Yuz bilan yuzlashgan ona” nominatsiyasi
  17. “Eng matonatli ona” (Nogiron farzandlarini tarbiyalayotgan onalar uchun) nominatsiyasi
  18. “Eng namunali muallima” nominatsiyasi
  19. “Eng ibratli mahalla otinoyisi” nominatsiyasi
  20. “Salomatlik himoyachisi” nominatsiyasi
  21. “Namunali qaynona” nominatsiyasi
  22. “Eng yaxshi alla ijrosi” nominatsiyasi 
  23. “Eng yaxshi bag‘ishlov she'r” nominatsiyasi
  24. “Eng yaxshi rasm” nominatsiyasi
  25. “Eng yaxshi bloger” nominatsiyasi
  26. “Eng yaxshi tashkilotchi tuman va shahar” nominatsiyasi

 

Tanlov g‘oliblariga diplomlar va qimmatbaho sovg‘alar, ishtirokchilarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari tanlov tashkilotchilari, shuningdek, homiylar tomonidan tantanali ravishda topshiriladi.

Ma'lumot uchun, joriy yilning 8 mart bayrami tantanalarida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov may oyida Farg‘onada «Onalarga ehtirom» bayrami o‘tkazilishini ma'lum qilganligi xaqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid