Rossiyada politsiyachilar o‘zbekistonlik migrantga kuch ishlatgani aytilmoqda
Kun.uz'ga kelib tushgan videoda ikki politsiyachi erkakning yuziga tepgani, boshini oyoqlari bilan bosib turgani aks etgan.
Videoni taqdim etgan manbaning aytishicha, hodisa 17 iyul kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ro‘y bergan.
“Videoni menga do‘stim yubordi. Jabrlanuvchi o‘zbekistonlik, tanishlarim yashaydigan ko‘p qavatli uyda ijarada turarkan. Rossiyada hujjatlarsiz ishlab yurgani uchun politsiyani ko‘rib qochgan ekan, ushlab olib ayamay kaltaklashibdi”, deydi u.
Suhbatdosh Rossiyada ko‘plab migrantlarga nisbatan qilingan nohaqliklar bosdi-bosdi bo‘lib ketishini aytadi.
“Qonunni buzgandir, lekin bu politsiyachilarga boshqa davlat fuqarosini urib-tepish, bu darajada xo‘rlash huquqini bermaydi-ku. Inson huquqlari qayerda qoldi? Agar O‘zbekistonda ichki ishlar xodimlari Rossiya fuqarosiga nisbatan shunday muomalada bo‘lishsa, nimalar bo‘lib ketadi? Biznikilar Rossiyada bunday shafqatsiz muomalaga ko‘p duch keladi, lekin aksar hollarda bu ishlar bosdi-bosdi bo‘lib ketadi. Ko‘plab jabrlanuvchilar zo‘ravonlar ustidan shikoyat ham qilishmaydi”, deydi ismi sir saqlanishini so‘ragan manba.
Kun.uz videoni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga ham taqdim etdi. Tahririyatga ma’lum qilinishicha, agentlikning Rossiyadagi vakillari hodisani o‘rganishga kirishgan.
“Agar bu vaziyat aniqlashtirilsa, jabrlanuvchi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib chiqsa, unda albatta uning himoyasi ta’minlanadi. Shuningdek, politsiyachilarning xatti-harakatlariga ham huquqiy baho berilishi bo‘yicha vakolatli tashkilotlarga murojaat qilinadi”, dedi agentlik matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov Kun.uz muxbiri bilan telefon muloqotida.
Avvalroq Voronejda migratsiya xodimi patent olish uchun hujjatlarini rasmiylashtirishga kelgan o‘zbekistonlik yigitga kuch ishlatgani aks etgan etgan video tarqalgan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi aralashuvidan so‘ng zo‘ravon xodim ishdan bo‘shatilgandi.
O‘tgan yili Tomskda O‘zbekiston fuqarosini kaltaklagan migratsiya xizmati xodimiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.
Mavzuga oid
00:36
Moskva aeroportida Rossiya ta’lim vazirining sobiq o‘rinbosari qo‘lga olindi
14:20 / 21.12.2024
RF atletlariga neytral maqomda OO‘ga yo‘llanma olish uchun ruxsat berildi
11:41 / 21.12.2024
Rossiya va Ukraina halok bo‘lgan harbiylar jasadini almashdi
23:49 / 20.12.2024