Navoiy davlat universiteti tashkil etildi
Prezident qarori bilan Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universiteti tashkil qilindi. Navoiy davlat pedagogika institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishlarini universitetda davom ettiradi. 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga universitet diplomi beriladi.
Prezidentning “Navoiy davlat universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligining Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan.
Quyidagilar universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:
- hududda soha va tarmoqlarning rivojlanish istiqbollarini hisobga olgan holda zamonaviy bilim va malakaga ega bo‘lgan ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini yaratish;
- zamonaviy o‘quv, ilmiy va IT-laboratoriya bazasini yaratish, ushbu laboratoriyalarni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda ilmiy-innovatsion tadqiqotlar transferini amalga oshirish;
- talabalarni ilmiy-innovatsion faoliyatga keng jalb etish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ularning natijalarini joriy etish yuzasidan ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqish;
- o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlari, ilg‘or ta’lim texnologiyalari va usullarini joriy etish, shuningdek, talabalardamustaqil ta’lim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish;
- yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan akademik va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning xorijiy ilmiy-amaliy stajirovkasini tizimli yo‘lga qo‘yish;
- talaba-yoshlarda ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish.
Navoiy davlat pedagogika institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishlarini universitetda davom ettiradi hamda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga universitet diplomi beriladi.
Universitetda 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab hududiy rivojlanish dasturlariga muvofiq ehtiyoj yuqori bo‘lgan aniq va tabiiy fanlar, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, iqtisodiyot, biznes va turizm, investitsiyalarni boshqarish, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, logistika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, dars mashg‘ulotlarini amaliyot bilan birga tashkil etish maqsadida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim jarayoni dual ta’lim shaklida yo‘lga qo‘yilib, korxona va tashkilotlarda kafedra filiallari tashkil etiladi hamda ta’lim jarayoniga uzoq yillik mehnat tajribasiga ega amaliyotchi mutaxassislar jalb etiladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 2025 yil 1 fevralga qadar universitetda joriy etiladigan yangi ta’lim yo‘nalishlarini hisobga olgan holda uning tuzilmasi, shtat birliklari, fakultet va kafedralarini qayta ko‘rib chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlash, xorijiy talabalarni jalb etish maqsadida “Study in Uzbekistan” platformasida universitet bo‘limini tashkil etish va uni sifatli ma’lumotlar bilan to‘ldirish kabi vazifalar topshirildi. 2025 yil 1 iyunga qadar universitetda talabalarning bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini ko‘chirmachilikka qarshi tekshirish (antiplagiat) mexanizmi ham joriy etiladi.
Mavzuga oid
12:16 / 01.11.2024
Navoiyda odamlar daromadini ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqildi
21:16 / 31.10.2024
Prezident Navoiy viloyatida yirik va strategik loyihalar bilan tanishdi
16:28 / 31.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Navoiydagi kimyoviy zavod faoliyati bilan tanishdi
13:43 / 30.10.2024