15:04 / 29.08.2020
11266

O‘zbekiston va Afg‘oniston elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha 10 yilga mo‘ljallangan bitim imzoladi

O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning chuqurlashuvi Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni ta'minlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

Joriy yilning 28 avgust kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov O‘zbekistonda tashrif bilan bo‘lib turgan Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport va logistika hamkorligining dolzarb masalalari, shuningdek, Afg‘onistonda energetika, temir yo‘llar qurilishi, savdo va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

“Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi qurilishini jadallashtirish va tegishli bitim loyihasi ustida ishlash, shuningdek, Xalqaro avtotransport bo‘yicha bitim loyihasini imzolashga tayyorlash doirasida ekspert muzokaralarini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Temir yo‘l transporti sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali transport yo‘laklarini rivojlantirishda hamkorlikni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratildi.

Savdo aylanmasini oshirish, jumladan, transchegaraviy savdoni kengaytirish va ikkala mamlakat bozorlariga xaridorgir qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini yetkazib berishni tashkil etish maqsadida tegishli infratuzilmani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama kelishuvlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlash hamda yuzaga keladigan barcha masalalarni tezkor hal etish maqsadida muntazam aloqalar mexanizmini joriy etishga ham kelishib olindi.

O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning chuqurlashuvi Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va taraqqiyotni ta'minlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Uchrashuv yakunida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Afg‘onistonning Da Afghanistan Breshna Sherkat kompaniyasi (DABS) o‘rtasida 10 yil muddatga elektr energiyasini yetkazib berish to‘g‘risida bitim imzolandi, deyiladi xabarda.

Top