O‘zbekiston | 13:50 / 10.11.2022
19127
2 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva: “O‘qituvchilarga tekin xizmatkor sifatida qarashga barham berishimiz shart”

Saida Mirziyoyeva maktab o‘qituvchilarini hali ham majburiy ravishda o‘zlarining xizmat vazifalariga kirmaydigan turli ishlarga jalb etilayotganiga oid holatlarga munosabat bildirarkan, mutasaddilarni o‘qituvchilarga noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishga chaqirdi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ayrim mutasaddilar tomonidan o‘qituvchilarga nisbatan bo‘layotgan munosabatni qoraladi.

“O‘qituvchilarni xuddi yigirma yil oldingi kabi yana xonadonlarni aylanib chiqishga va o‘quvchilar ro‘yxatini tuzishga majbur qilishayotgani haqida eshitib, juda xafa bo‘ldim.

Men o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabatni qayta ko‘rib chiqish o‘ta zarur deb hisoblayman va mutasaddilardan ularning zimmasiga keraksiz va noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishlarini so‘rab qolaman.

O‘qituvchilarning asosiy vazifasi — farzandlarimizga bilim berish orqali mamlakatimiz kelajagini ta’minlashdir.

Buning o‘zi juda murakkab vazifa. Ta’lim yo‘nalishida shundoq ham muammolar g‘ij-g‘ij bo‘lib turganida, ustiga-ustak o‘qituvchilar gardaniga yana qandaydir qo‘shimcha vazifalar yuklash — bu endi ortiqcha.

O‘qituvchilarni ortiqcha ishlarga majbur qilish nafaqat maktabga, balki O‘zbekiston kelajagiga ham zarar yetkazadi.

Men barcha mas’ul shaxslardan ushbu muammoni imkon qadar tezroq hal qilish va o‘qituvchilardan dars berishdan boshqa barcha vazifalarni ozod qilishini so‘rayman.

Hozir mamlakatimizda ta’lim birinchi raqamli ustuvor masaladir. Biz o‘qituvchilarga tekin xizmatkor xodim sifatida qarashga barham berishimiz shart. Ular jamiyatning eng hurmatli va ardoqli qatlamiga aylanishi, buning uchun barcha birdek harakat qilishi zarur deb hisoblayman. Zero faqat ta’lim, faqat o‘qituvchilar yordamidagina biz taraqqiyotga erisha olamiz. Farzandlarimiz kelajagi ularning hayotda o‘z o‘rnini topishlari uchun ham ustozlarimizni e’zozlashimiz shart!” deydi Saida Mirziyoyeva.

Mavzuga oid