O‘zbekiston | 21:54 / 07.09.2020
9500
4 daqiqa o‘qiladi

Odilbek Isoqov jamoatchilikni tashqi qarz bo‘yicha muhokamalarda faqat statistika bilan kifoyalanmaslikka chaqirdi

O‘zbekistonda davlat tashqi qarzlari bilan bog‘liq barcha jarayonlar bo‘yicha mustaqil monitoring tizimi yaratiladi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov 7 sentabr kungi matbuot anjumanida tashqi qarz masalasiga to‘xtalib, bu mavzu keng muhokamalarga sabab bo‘layotganini ijobiy baholadi.

«Davlat tashqi qarzi hozirda munozaralarga sabab bo‘lib kelayotgan mavzu. Va bu to‘g‘ri. Bu mavzu xalqimiz, ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida bo‘lishi kerak. Qancha qarz olyapmiz, qayerga sarflayapmiz, buning natijasi qanday bo‘lyapti – hammasi jamoatchilik nazoratida bo‘lishi kerak.

Hozircha professional tahlil yetishmayapti. Bunga hali vaqt kerak. 2018 yil dekabrdan boshlab bu bo‘yicha statistikalar ochiq aytila boshlandi. Bu narsani professional tahlil qiladigan jurnalist va blogerlar ham shakllanyapti, bunga, albatta, vaqt kerak.

Yaqin kunlarda birinchi yarim yillik bo‘yicha hisobot – qancha qarz olindi, qaysi sohalar bo‘yicha, kimlardan va qaysi valutalarda, qanday loyihalar moliyalashtirilyapti, uning ijrochilari kim, barchasi bo‘yicha ma'lumot beriladi.

Istardikki, jamoatchilik nazorati nafaqat davlat tashqi qarzining statistikasi bilan, balki loyihalarni amalga oshirish jarayoni, ularning natijadorligi bo‘yicha ham bo‘lsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi», deya Odilbek Isoqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat tashqi qarzlari bilan bog‘liq barcha jarayonlar bo‘yicha mustaqil monitoring tizimi yaratilishi kutilmoqda.

«Davlat qarzini olishdan boshlab, yakunlangandan keyin ham mustaqil monitorning qilish bo‘yicha tizim ishlab chiqish bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlanyapti. Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining qarz jarayonlaridagi roli qanday, ular qanday ishlashi kerak, davlat qarzidan foydalanib loyihalari moliyalashtirilayotgan tashkilotlarning roli qanday bo‘lishi qaror loyihasida aks ettiriladi», – dedi u.

Odilbek Isoqov Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasiga jalb etilgan 1 milliard dollardan ortiq qarz haqida ham to‘xtaldi.

«Jahon bankidan 200 mln dollar (1 may kuni), Xalqaro valuta jamg‘armasidan 375 mln dollar (18 may kuni), Osiyo taraqqiyot bankidan 500 mln dollar (7 iyul kuni) olindi.

Mazkur mablag‘larning qayerga, qaysi tashkilotlarga berilayotgani bo‘yicha shaffoflik bor, har bir xarajat e'lon qilinyapti», – dedi Odilbek Isoqov.

2020 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi qarz qoldig‘i 17,3 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.

«Qarzning oshib ketayotganidan xavotirga tushayotgan hamyurtlarimiz uchun aytishim mumkinki, bu kreditlarning aksariyati xalqning hayotini yaxshilash maqsadida sarflanyapti», – dedi moliya vaziri o‘rinbosari.

Mavzuga oid