Tabiiy gaz ta'minotidagi muammolar bo‘yicha kelayotgan murojaatlar soni ko‘p emas, balki juda ko‘p. Aniqki, bunday muammolar qish mavsumida birinchi o‘ringa chiqadi. Salbiy holatlar bo‘yicha bizga kelib tushgan murojaatlarning barchasini o‘rganishga imkoniyatimiz yetmasligi mumkin. Kun.uz muxbirlari baholi qudrat o‘sha joyning o‘ziga borib, masalani yoritishga harakat qilmoqda.
O‘tgan hafta vodiyning uch viloyatidagi tabiiy gaz yetib bormayotgan joylar haqida e'lon qilingan tanqidiy maqolamizdan so‘ng bu viloyatlarda faoliyat yurituvchi “O‘ztransgaz” hududiy filial mutasaddilari turlicha reaksiya qilishdi. Farg‘ona va Namanganda aynan o‘sha murojaat tushgan joylarda (ta'kidlaymiz, aynan o‘sha murojaat tushgan hududlarda)gi kamchiliklar bartaraf qilingan bo‘lsa, Andijonda o‘sha joylarga bir kun gaz berishib, ertasiga yana o‘sha eski holat davom etgan. Bu jihatga maqola so‘ngida yana bir bor to‘xtalishimiz bor.
Andijon shahrining qoq markazida joylashgan 3-kichik daha, 42-ko‘pqavatli uyda yashovchi aholi vakillari o‘tgan hafta tabiiy gaz ta'minotidagi ahvol umuman yomon ekanligi haqida juda ko‘p bora murojaat qilishdi.


Biz holat bilan tanishgani o‘sha joyga bordik. Haqiqatda, 42 va unga qo‘shni bo‘lgan to‘rtta “dom”da holat juda yomon. Sizda: “Tumanlardagi deyarli barcha qishloqlarda ahvol shunday-ku?” degan savol tug‘ilishi mumkin. “Dom”da holat boshqacharoq, ular suyultirilgan gaz balloni bilan ta'minlanmagan. Mabodo o‘z puliga gaz balloni sotib olib ishlatsa, yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid hisoblanadi. Ko‘pqavatli uyda pechka yoqish yana muammo. Bunday holat nafaqat 42-uyda, aytib o‘tganimizdek, balki unga qo‘shni to‘rtta uyda ham yuz bermoqda.
“Qish davomida shahar gaz idorasi, shahar hokimligiga murojaat qilaverib, asablarimiz tugadi. Hech qanday natija yo‘q. Shu uch oyni katta qiyinchilik bilan o‘tkazdik. Ba'zida gaz ertalablari yarim santimetr bo‘lib yonib qoladi. Tushdan keyin esa yana gazning hidini ham topa olmaymiz. “Dom”imizda markazlashgan isitish tizimi allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan. Muammolarimizni eshitadigan, chora ko‘radigan odam bormi?” deyishdi shu yerda istiqomat qiluvchi aholi vakillari Jamila Ayupova, Yelena Nazaryan, Saodat Yusupova va boshqalar.














