O‘zbekiston | 13:21 / 27.09.2018
21989
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Tursunzoda shahriga tashrif buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev prezident Imomali Rahmon hamrohligida Tojikistonning Tursunzoda shahriga tashrif buyurdi. Shaharga kiraverishda minglab aholi jam bo‘lib, davlat rahbarini katta xursandchilik, tantana bilan kutib oldi. Milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar ijro etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston prezidentining qo‘shni davlatlar bilan ochiqlik, bag‘rikenglik siyosati hamma tojikistonliklar qatori Tursunzoda aholisiga ham katta quvonch bag‘ishlagan.

Shavkat Mirziyoyevning joriy yil mart oyida Tojikistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan Davlat chegarasi bo‘yicha shartnoma hamda Fuqarolarning o‘zaro qatnovi to‘g‘risida bitim xalqlarimiz hayotida ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi. Chegaradan o‘tkazish punktlari faoliyati qayta tiklangani, aholining bordi-keldisi uchun o‘ttiz kungacha vizasiz tartib joriy etilgani, avtotransport va samolyotlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgani odamlarga keng qulayliklar yaratmoqda.  

Prezidentimiz “O‘zi davlat nima uchun kerak? Odamlarga sharoit yaratish, xalqqa xizmat qilish uchun kerak” deya ko‘p ta'kidlaydi. Bugun davlatimizning ichki va tashqi siyosati, jumladan, qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlaridagi o‘zgarishlar ana shu maqsadga xizmat qilmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dushanbeda Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykali ochilgandi

Mavzuga oid