“Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilarini davlat oliy ta’lim muassasalariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilarini davlat oliy ta’lim muassasalari iqtisodiy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida sirtqi ta’lim shaklida o‘qitish xarajatlarini moliyalashtirish davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida kadrlar tayyorlash uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.

O‘qishga qabul qilish Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tavsiyanomasiga ega bo‘lgan hokim yordamchilari (tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlar) hisobidan, keyinchalik ushbu tizimda besh yil ishlab berish sharti bilan iqtisodiyot sohasi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari sirtqi ta’lim shakliga suhbat natijalariga asosan amalga oshiriladi.

Tavsiyanomalar Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan, ushbu lavozim vakant bo‘lganda va/yoki uning vazifalarini bajarish boshqa shaxsga yuklatilganda esa – ushbu rahbar tomonidan beriladi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan beriladigan tavsiyanomalar soni hududlar kesimida O‘zbekiston davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi qarori bilan belgilanadi.

Tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlarga iqtisodiyot sohasi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari sirtqi ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra davlat granti asosida o‘qishga kirishi uchun Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan beriladigan tavsiyanomalar faqat berilgan o‘quv yili uchun amal qiladi.

Tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi maxsus elektron tizimi orqali amalga oshiriladi. Bunda ro‘yxatdan o‘tish muddati har yili Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Davlat test markazi tomonidan kelishilgan holda belgilanadi.

Oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi raisi tomonidan tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlar bilan suhbat o‘tkazish bo‘yicha alohida suhbat komissiyasi tashkil etiladi.

Suhbat komissiyasi 7 nafardan kam bo‘lmagan tarkibda tuziladi va tarkibiga soha bo‘yicha yuqori malakali professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari kiritiladi. Suhbat komissiyasi tarkibiga Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari vakillari ham kiritilishi mumkin.