Ma'muriy jarimalarga 30 foizlik chegirmani qo‘llashda muammolar bor. Yechimi-chi?
Ma'lumki, MJtKning 332-1-moddasiga ko‘ra, huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismi (30 foizi)ni to‘lashdan ozod qilinadi.
Mazkur qoida amalda qanday ishlamoqda?
Ma'muriy jarima uchun 30 foizlik chegirma elektron to‘lov tizimlari (Payme, Click va boshqa ilovalar) orqali to‘lov amalga oshirilganida chegirmali 15 kunlik muddat barcha holatlarda jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab hisoblanmoqda. Ya'ni, haydovchilar jarima to‘lashdagi 30 foizlik chegirmadan jarima solish to‘g‘risidagi qaror rasmiylashtirilgan sanadan boshlab 15 kun muddat ichida foydalana olishyapti xolos.
Aslida qanday bo‘lishi kerak? Muammo nimada?
Yo‘l harakati qoidalari buzilishi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali ham qayd etilishini hisobga olsak, ushbu holatlarda jarimani to‘lashda haydovchilarda yaxshigina muammolar kelib chiqayotganini aytish mumkin.
MJtK 309-1-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, jarima solish to‘g‘risidagi qarorning ko‘chirma nusxasi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qo‘llanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, elektron hujjatni qog‘ozdagi hujjatga aylantirish yo‘li bilan tayyorlanadi hamda mazkur qaror chiqarilgan kundan e'tiboran 3 kun ichida buyurtma pochta jo‘natmasi tarzida huquqbuzarga yuboriladi.
MJtK 332-1-moddasiga ko‘ra, jarima to‘lashdagi chegirma huquqbuzarga jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan emas, balki o‘sha qaror huquqbuzarga topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida qo‘llanishi lozim.
Muammo shundaki, amaliyotda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun belgilangan jarimani to‘lashdagi chegirmali muddat jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab hisoblanmoqda.
Ushbu holatda jarima to‘lashdagi chegirmali muddat kodeksda belgilanganidek 15 kun emas, aksincha undan ancha kamayib ketmoqda. Aslida bu muddat huquqbuzar qarorni pochtadan qo‘liga olgandan so‘ng o‘ta boshlashi shart. Chunki, odatda, pochta eng tez yetib kelganda 3 kun vaqt o‘tadi. Ba'zi hollarda bu muddat bir necha kunni tashkil etishi, hatto ayrim sabablar bilan qaror huquqbuzarga yetib bormasligi ham mumkin. Odatda huquqbuzarlik maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qo‘llanilgan holda aniqlanganda huquqbuzarning o‘zi bundan xabardor bo‘lmaydi (bo‘la olmaydi).
Bunga tahririyatga yo‘llanayotgan o‘nlab murojaatlar hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining bildirayotgan e'tirozlari, bahs-munozaralari orqali ham guvoh bo‘lish mumkin.
Bu yerda eng muammoli masala – qaror nusxasi huquqbuzarga topshirilgan sanani qayd etish mexanizmining yo‘qligi bo‘lib qolmoqda. Busiz huquqbuzarning qonundagi 15 kunlik huquqini ta'minlash ilojsiz ekaniga guvoh bo‘lib turibmiz.
Ushbu muammoli vaziyat yuzasidan izoh olish maqsadida Toshkent shahri IIBB YHXB Ma'muriy amaliyot bo‘limi bilan bog‘landik. Ma'muriy amaliyot bo‘limi boshlig‘i Bahodir Ziyotov yuqoridagi kabi muammolar amaliyotda rostdan ham mavjudligini, hatto inson omili tufayli ba'zi holatlarda jarima solish to‘g‘risidagi qaror nusxasi huquqbuzarga umuman yetib bormaslik holatlari ham uchrab turganini tan oldi.
B.Ziyotov qaror nusxasi huquqbuzarga topshirilgan sanani qayd etish mexanizmining yo‘qligi haqida gapirarkan, bunday mexanizmni yo‘lga qo‘yish qiyin masala ekanligi, buning uchun, avvalo, bo‘lim xodimlari sonini oshirish lozimligini, qolaversa, pochtachi har bir huquqbuzarga qaror nusxasini qachon topshirganini qayd etishi va buni bazaga kiritib, xuddi shunday huquqbuzarlik haydovchi tomonidan so‘nggi bir yil ichida birinchi marta bo‘layotganligini aniqlash kabi jarayonni cho‘zib yuboruvchi bir qator ishlar amalga oshirilishi kerakligini ta'kidladi.
Ma'muriy amaliyot bo‘limi boshlig‘i ushbu muammoli vaziyatlarning oldini olish uchun chegirmali muddatni huquqbuzarga qaror nusxasi topshirilgan kundan emas, balki qaror chiqarilgan kundan boshlab hisoblash maqsadga muvofiq bo‘lishini hamda bunda qaror nusxasi yetkazilishiga ketadigan taxminiy muddat huquqbuzar hisobidan ketmasligini ta'minlash uchun chegirma qo‘llaniladigan muddatni ko‘proq qilib belgilash oqilona yechim bo‘lishini aytdi.
Ko‘rinib turibdiki, MJtKning 332-1-moddasini amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etishda muammolar mavjud. Ushbu muammoni hal qilishning esa ikkita usulini taklif qilish mumkin.
Birinchisi, yuqoridagi moddaga o‘zgartirish kiritish ustida bosh qotirib ko‘rish lozim. Bunda 30 foizlik chegirmali muddat huquqbuzarga jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab 30 kun etib belgilansa nisbatan to‘g‘ri yechim bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Ammo bunda ham qaror nusxasi huquqbuzarga qisqa fursatlarda yetib borishini qat'iy ta'minlash choralarini ko‘rish lozim bo‘ladi.
Ikkinchi yechim sifatida, butun dunyoda rivojlangan pochta jo‘natmasini onlayn kuzatish tizimini ishga tushirish va uni YHXBning tegishli bazasi bilan integratsiyalashni taklif qilish mumkin.
Yana bir masala – huquqbuzarga qaror nusxasi unga bog‘liq bo‘lmagan holda umuman topshirilmagan taqdirda esa chegirmali muddatni unga qaror nusxasi amalda topshirilgan sanadan boshlab tiklash masalasini ham ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ana shunda qonunlarning amalda yetarli darajada ishlamaydigan normalari soni bittaga qisqargan bo‘lardi.
Qonun ijodkorlaridan mazkur muammoning yechimiga doir ijobiy tashabbuslar kutib qolamiz.
Abbos Salaydinov
huquqshunos
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
13:39 / 08.12.2024
Avtohalokat tufayli kelib chiqqan mojaro bir inson umriga zomin bo‘ldi
10:06 / 24.11.2024
Halollik mukofoti: yo‘ldan topilgan 5 ming dollarni egasiga qaytargan haydovchi haqida hikoya
18:44 / 12.11.2024