Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 8 fevral kuni zilziladan eng ko‘p jabrlangan hududlardan biri bo‘lmish Qahramonmarash viloyatiga keldi.

U tashrifi davomida mamlakatda 6 fevral kuni ro‘y bergan zilzila qurbonlari soni bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlarni ochiqladi. Unga ko‘ra, hozirgacha 8574 kishi halok bo‘lgani va 49 133 kishi jarohatlangani tasdiqlangan. 6444 ta bino qulagan.

Turkiya prezidenti tabiiy ofatdan jabrlangan 10 viloyatda bir yil ichida yangi uylar qurib berilishini va’da qildi. Erdo‘g‘an hukumat Antalya, Alanya va Mersindagi mehmonxonalar bilan boshpanasini yo‘qotgan fuqarolarni joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishganini qo‘shimcha qildi.

Prezident barcha jabrlanuvchilarga 10 ming lira (530 dollar) miqdorida yordam puli to‘lanishini ma’lum qilgan.

  • Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada zilzila qurbonlari soni 9 057 nafarni tashkil etmoqda, jabrlanganlar soni 52 mingdan oshgan.

Suriya davlat nashrlarining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 2500 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.

Bu yakuniy raqamlar emas va o‘sishda davom etadi, chunki xarobalar ostida hali ham odamlar qolmoqda. Qishning sovuq kunlarida esa ularni yer ostidan tirik holda chiqarib olish imkoniyatlari yanada pasayadi.

Halokat o‘choqlarida qariyb 100 ming qutqaruvchi, jumladan ko‘ngillilar va boshqa mamlakatlardan kelgan minglab mutaxassislar ishlamoqda.

6 fevral kuni ertalab soat 4 dan oshganda 7,8 magnitudali birinchi zilzila Turkiya janubi-sharqidagi G‘oziantep shahriga yaqin hududda sodir bo‘ldi. Kunning ikkinchi yarmida esa 7,5 magnitudali ikkinchi zilzila ro‘y berdi. Birinchi zilzila vaqtida jiddiy shikastlangan minglab binolar, jumladan, shifoxonalar, maktablar va turar joylar ikkinchi yer silkinishi chog‘ida qulab tushdi, son-sanoqsiz odam boshpanasiz qoldi.

«Hozirda bu vaqt bilan poyga. Har daqiqa, har soat omon qolganlarni topish imkoniyati kamayib bormoqda», deya ma’lum qildi Jyenevada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus.

JSST vakili Adelxayd Marshangning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya va Suriyadagi zilzila oqibatida 23 million kishi jabr ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Birlashgan millatlar tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) vakili Jyeyms Elder vayronalar ostida minglab bolalar halok bo‘lgani borasida xavotir bildirdi.