O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan buyon, Qatar birinchi marta o‘zining favqulodda va muxtor elchisini tayinladi, Toshkentda elchixona ochmoqda. Qatar – qanday davlat, bu davlatning muhim jihatlari nimada, va elchixona ochish – nimani anglatadi?

O‘zbekiston va Qatar bir-birlarini suveren va mustaqil davlatlar sifatida 1997 yilning 27 noyabrida, Anqaradagi uchrashuvlar vaqtida tan olishgan edi. 2010 yil noyabrida esa, prezident Karimov Qatarga davlat tashrifi uyushtirgan edi.

Agar xaritaga qarasangiz, Qatar ancha kichik davlat ekanini ko‘rasiz. Hududi 11,5 ming kv.km atrofida. Ya’ni, O‘zbekiston hududiga 39 ta Qatar davlatini joylashtirish mumkin. Aholisi esa 2020 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, 3 millionga yetar-yetmas. O‘zbekiston aholisidan 12 marta kichkina.

Qatar 1971 yil sentabrida Angliyadan mustaqil bo‘lgan. Bu – uglevodorodlarga juda boy davlat: tabiiy gaz zaxirasiga ko‘ra, dunyoda 3-o‘rinda turadi. Aniqlangan gaz zaxiralariga ko‘ra, faqat Rossiya va Eron Islom Respublikasilari Qatardan oldinda. Neft sotish bo‘yicha, Qatar dunyoda 21-o‘rinda turadi.

Dunyo davlatlarining iqtisodiy qudrati – yalpi ichki mahsulot hajmi bilan ham o‘lchanadi. Qatar yalpi ichki mahsuloti, sotib olish qobiliyati bilan o‘lchanganda, taxminan 280 milliard dollardan oshadi. Agar jon boshiga bo‘lganda, har bir qatarlikka 105 ming dollardan oshiq milliy boylik ulushi to‘g‘ri keladi. Iqtisodiy salohiyatiga ko‘ra, Qatar – dunyodagi katta salohiyatli davlatlardan biri.

Lekin, Qatarning ahamiyati, o‘ziga xosligi – faqat uning uglevodorodlar bilan bog‘liq boyligi emas. Arab dunyosida bir qancha muhim davlatlar bor. Jumladan, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr Arab Respublikasi va boshqalar. Mana shu davlatlar qatorida, Qatarning boshqalarda mavjud bo‘lmagan ma’lum geosiyosiy va geomafkuraviy resurslari mavjud.

Qatar deganda ko‘pchilikning xayoliga birinchi bo‘lib Al-Jazira telekanali keladi. Al-Jazira – arab-musulmon dunyosining siyosiy kayfiyatini, geosiyosiy qarashlarini shakllantirishda, eng yetakchi OAV hisoblanadi.

Qolaversa, Qatarning siyosiy qarashlari yaxshi o‘rganilgan. Qatar – globalist davlat, rasmiy Doha islom sivilizatsiyasining kelajagi borasida, ma’lum loyihalarga ega.

Har bir mafkura, dunyoqarash tizimlarining markazida yadroviy, ya’ni markaziy qadriyatlar bo‘ladi. Demokratiyaning markaziy qadriyati – bu ko‘pchilik irodasi. Liberal-demokratiyaning yadro qadriyati – ko‘pchilik irodasi hamda kamchilik huquqlarining himoya qilinganligi. Tavhid dinlari bo‘lmish iudaizm, xristianlik va islomdagi yadro qadriyat – bu solihlik. Solihlik, ushbu dinlarga ko‘ra, inson va jamiyatlarning dunyo va oxiratdagi xavfsizliga hamda saodatining kafili deb ko‘riladi.