O‘zbekiston | 08:10 / 21.11.2024
4197
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 noyabr kuni Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmushi farovonligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Aholi va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, 4,1 milliard dollarlik 120 ta loyihani amalga oshirish imkoniyati aniqlangan. Kelgusi yilda Samarqand viloyatida hududiy dasturlar doirasida kamida 1 milliard 850 million dollar investitsiyalarni o‘zlashtirish, 20 ming ish o‘rni yaratish va qo‘shimcha 1,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish hisob-kitob qilingan.

Past Darg‘om tumani “Chimboyobod” hududida hokimlik zaxirasida turgan 234 gektar yerda maxsus sanoat zonasini tashkil qilish mumkin. Tadbirkorlar u yerga 500 million dollar investitsiya kiritib, farmatsevtika, kimyo, elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat loyihalarini boshlashga tayyorligini bildirgan.

Zarafshon daryosi atrofidagi 25 gektar toshloq yer “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga qo‘shilsa, 30 million dollarlik loyihalarga joy bo‘ladi. Darg‘om kanali bo‘yida 35 kilometrli turistik yo‘lak, Narpay kanalida gastronomik ko‘prik tashkil etish orqali birinchi bosqichda 500 milliard so‘mlik loyihalar amalga oshiriladi.

Viloyatdagi yaylov va lalmi yerlarni iqtisodiy aktivga aylantirish kerak. Samarqand tumanida 350 gektar lalmi yerda turistik-rekreatsion hudud tashkil qilib, mingta tadbirkorni joylashtirish va 3,5 mingta ish o‘rni yaratish mumkin.

Bulung‘urning tuprog‘i, iqlimi meva-sabzavotchilikka qulay. Tumandagi 6 ming gektar samarasi kam g‘alla maydonlari meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirilsa, gektaridan daromad 10 ming dollardan oshadi, 45 ming odam ishli bo‘ladi. Mahsulotlarning yarmi eksportga chiqarilib, qo‘shimcha 52 million dollar eksport tushumi ta’minlanadi.

Ishtixon, Urgut, Payariq va Qo‘shrabotdagi odamlar 35 ming gektarda uzum yetishtiradi. Lekin serdaromad navlarni ekish, kasallikka qarshi kurashish, yangicha agrotexnik tadbirlarga ko‘nikma yetishmagani uchun hosildorlik past. Shu bois Ishtixonda Bog‘dorchilik va uzumchilik ilmiy institutini tajriba stansiyasini tashkil qilish taklifi bildirilgan. Unda in-vitro usulida ko‘chatchilik yo‘lga qo‘yilib, uzumning “Gigant”, “Sirliboy”, “Avatar” kabi bozorbop navlari ekiladi. Natijada hosildorlik qo‘shimcha 25-30 sentnerga, eksport 20 million dollarga oshadi.

Shuningdek, Qo‘shrabot, Ishtixon, Nurobod, Past Darg‘om, Paxtachi va Urgutdagi konlar negizida foydali qazilmalarni qayta ishlash korxonalari ochish mumkin.

Yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha chora-tadbirlarni taqdimot qildi.

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qaror kiritish vazifasini qo‘ydi. Loyihalarni master-reja asosida joylashtirish, ko‘proq ish o‘rinlari va zamonaviy uy-joylar tashkil etib, aholi farovonligini oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Mavzuga oid