21:34 / 23.08.2022
19017

“Kelgusida butun Samarqandning “tashrif qog‘ozi”ga aylanadi” - Shavkat Mirziyoyev “Boqiy shahar” ansambli haqida

“Har qanday sayyohni qadimiy afsonalar olamiga, tarixiy obidalar dunyosiga olib kiradigan tom ma’nodagi noyob loyiha” – prezident Samarqand turizm markazi tarkibidagi “Boqiy shahar” me’moriy ansamblini shunday ta’rifladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumanidagi “Buyuk ipak yo‘li” turizm markazi ochilishidagi nutqida markaz hududida qurilgan “Boqiy shahar” me’moriy ansamblini alohida e’tirof etdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

“U kelgusida butun Samarqandning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylanadi, deb ishonaman”, – dedi davlat rahbari.

Mirziyoyev bu majmuani “har qanday sayyohni qadimiy afsonalar olamiga, tarixiy obidalar dunyosiga olib kiradigan tom ma’nodagi noyob loyiha” deb ta’rifladi.

“Qadimiy uslubda barpo etilgan 14 ta hududimizga xos 40 ta hunarmandlik ustaxonasining har biri betakror qiyofaga ega.

Qo‘li gul ustalar yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, ipak qog‘oz ishlab chiqarish, zargarlik va gilam to‘qish jarayonlari orqali sayyohlarning ko‘z o‘ngida mahorat darslarini olib boradilar. Xususan, Rishton kulolchiligi, Buxoro zardo‘zligi, Qoraqalpoq o‘tovi, Marg‘ilon atlasi kabi hunarmandchilik mahsulotlari sayyohlar uchun amaliy san’at durdonalari sifatida taqdim etiladi.

Bu yerga qadam qo‘ygan inson nafaqat qadimiy Samarqand bag‘rida, balki butun O‘zbekiston zaminida yurgandek bo‘ladi, uning bor ulug‘vorligi va beqiyos jozibasini his etadi”, – dedi prezident.

Foto: Kun.uz

Davlat rahbariga ko‘ra, bu maskanda 280 ming tup manzarali daraxt va butalar ekilgan, 170 gektar yashil hududlar yaratilgan.

“Boqiy shahar” majmuasi 7 gektar maydonda barpo etilgan. Markazda 1 ta galereya va qadimiy sharqona bozor, 36 ta rastadan iborat 14 ta hunarmandchilik ustaxonalari, 2 ta milliy taomlar restorani qurilgan.

Top