O‘zbekiston | 10:15 / 10.06.2024
31354
3 daqiqa o‘qiladi

“Kimdan ruxsat so‘rab o‘rimni boshladingiz?” – Qashqadaryoda IIB xodimi fermerning faoliyatiga qarshilik qildi

Ko‘kdala tumanida g‘alla o‘rimini boshlagan fermer qarshilikka uchradi: dalaga borgan IIB xodimi, sektor rahbari muovini va boshqalar uning faoliyatiga aralashib, o‘rimni to‘xtatib qo‘yishgan hamda kombaynni noqonuniy tarzda daladan olib ketishgan. Bu qonunchilikka zid.     

Foto: Videodan kadr

Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida IIB xodimi fermerning faoliyatiga qarshilik qilib, g‘alla o‘rimini to‘xtatib qo‘ydi. U fermer xo‘jalik rahbarini o‘rimni hech kimdan ruxsat so‘ramasdan boshlaganlikda ayblagan.

IIB xodimi va fermer o‘rtasidagi suhbat quyidagicha kechgan:

—  Sizga bitta savol beraman, videoga oling meni. Fermer xo‘jaligingizning nomi nima?

—  “Boboxatip”.

— 20 gektar shartnoma qilganmisiz davlat bilan?

— Albatta. Klaster bilan.

— Xo‘p, siz o‘rimni kimdan ruxsat olib boshladingiz?

— Kimdan ruxsat so‘rashim kerak?

— Klasterdan ruxsat oldingizmi?

— Klaster menga rahbar emas.

— Sektor rahbaridan yoki qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hokim o‘rinbosaridan, qishloq xo‘jaligi boshqarmasidan ruxsat oldingizmi? Yoki ichki ishlar bo‘limiga xabar berdingizmi? Hozir bu yerda biror kor-hol bo‘lsa yoki o‘t chiqib ketsa kim javob beradi?

— Men javob beraman-da.

— Siz nega javob berasiz? Yong‘in xavfsizligiga javobgar shaxs emassiz-ku!

— Bo‘lmasa 20 nafar odamni chaqirishim kerak ekan-da bu yerga men?! “Skoriy pomosh” ham chaqiraylik, birov kombayndan tushib ketishi mumkin. Nechta odam kelishi kerak?

— Gapni eshiting, profilaktika inspektori keladi, kombaynga bir kishini, tashishga, talon-torojlikning oldini olishga bir kishini biriktiradi, tushunyapsizmi? 

— O‘zim ekib, o‘zimni o‘zim talon-toroj qilamanmi men?

— Siz hosilni olib ketyapsiz, oldingizdan bir-ikkitasi chiqib, bug‘doyga tirmashsa yoki boshqa bir narsa bo‘lsa, nima bo‘ladi? 

— O‘sha paytda “02”ga telefon qilamiz-da.

— Yo‘q, kech bo‘ladi.

Voqea joyida sektor rahbari muovini, tuman YHXB boshlig‘i va boshqa mas’ullar bo‘lgan. Ular o‘rimga qarshilik qilib, kombaynni noqonuniy tarzda daladan olib ketishgan.

Shartnomani 120 foiz qilib bajarishni rejalashtirib turgan fermer esa bu holatdan norozi.

 Ma’lumot uchun, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasiga ko‘ra, fermer xo‘jaliklarining xo‘jalik faoliyatiga davlat organlari hamda boshqa organlar va tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat organlari hamda boshqa organlar va tashkilotlarning g‘ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining va fuqarolarning g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida fermer xo‘jaligiga yetkazilgan zararlar, shu jumladan boy berilgan foyda qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishi belgilangan.

Mavzuga oid