O‘zbekiston | 21:43 / 08.08.2023
34107
2 daqiqa o‘qiladi

Davron Nazarmuhamedov ichki ishlar vaziri o‘rinbosarligiga qaytdi

U muqaddam prezident maslahatchisi va IIV rahbari birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan, 2019 yildan buyon Xorazm viloyati IIB boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Foto: Kun.uz

Prezident qarori bilan general-mayor Davron Nazarmuhamedov Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Ma’naviy–ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda IIV matbuot xizmati rasman xabar berdi.

Davron Abitovich Nazarmuhamedov 1975 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1996–1998 va 1999–2002 yillarda Shayxontohur tumani IIB xodimi bo‘lgan, 1998-1999 yillarda Sobir Rahimov (hozirgi Olmazor) tumani IIBda ishlagan, 2002–2006 yillarda Toshkent shahar IIBB xodimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan, keyinroq O‘zbekiston IIV Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgan.

2014 yilga qadar Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi DXX) ijro apparatida ishlagan.

2014–2015 yillarda Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston IIV Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

2014–2015 yillarda prezidentning Tashkiliy-kadrlar ishlari bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimida ishlagan.

2017–2019 yillarda ham ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2019 yil iyulida Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

  • Eslatib o‘tamiz, 2019 yil noyabridan buyon ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va kadrlar bilan ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Azizbek Ikromov iyul oyi oxirida Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid