Vaxshivor tog‘lari etagida joylashgan Oltinsoyning quyi qismida paxta yetishtiriladi. Tumanda paxta va g‘alla ham yetishtiriladi, biroq Oltinsoy azaldan tokzorlari bilan mashhur bo‘lgan. Ammo bu tokzorlar va dalalar bugunga kelib suvsizlikdan yo‘qolib bormoqda, qolgan-qutganlari esa tobora qaqrab bormoqda.

Biz Hazorbog‘ kanalidan suv olib, uni Chilmirob kanaliga uzatuvchi nasos stansiyasida bo‘ldik. Hazorbog‘ kanali To‘palang suv omboridan to‘yinadi va asosan Denov, Oltinsoy tumanlarining shimoliy qismidagi dalalarni suv bilan ta’minlaydi. Hazorbog‘ kanalidan suv nasos stansiyalari bilan yuqoriga, tog‘ etagiga yaqin joylashgan qishloqlar va dalalarni suv bilan ta’minlash uchun uzatiladi.

Denov tumani hududida joylashgan Oqsuv nasos stansiyasidan 1550 metr uzoqlikda joylashgan va 51 metr balandlikdagi Chilmirob kanaliga suv chiqaradi. Chilmirob kanali qariyb 1600 gektar g‘alla, paxta, uzumzorlar va tomorqa xo‘jaliklarini suv bilan ta’minlashi uchun qurilgan edi.

Mustaqilligimiz tengdoshi, 31 yil avval ishga tushirilgan nasos stansiyasi yuqoriga soniyasiga 3,1 metr kub suvni ko‘tarib berishi kerak. Irrigatsiya sohasida uzoq yillar mehnat qilgan, Xalq deputatlari Oltinsoy tuman kengashining deputati Ravshan Turdiyevning aytishicha, hozirgi kunga kelib Oqsuv nasos stansiyasi uskunalari eskirib, suv ko‘tarish qobiliyati soniyasiga 1 metr kubga ham yetmaydi.

Ravshan Turdiyev

Chilmirob kanali soniyasiga 9 metr kub suvni qabul qilish sig‘imiga ega. Bu yerdan suv 15 km uzoqlikdagi Obshir qishlog‘igacha oqib boradi. Obshir qishlog‘igacha kanal bir necha qishloqlarni, jumladan, atoqli adibimiz Tog‘ay Murod tug‘ilib o‘sgan Xo‘jasoat qishlog‘ini ham kesib o‘tadi.

Bugungi kunda qaqrab suvga zor bo‘lib o‘tgan 3000 gektar dalalar va tomorqalar, bog‘lar mana shu kanalning suviga mahtal. Biroq Oqsuv nasos stansiyasining Hazorbog‘ kanalidan yetarli tarzda suv ko‘tarib berilmayotgani sababli bu joylar suvga tanqis hududga aylangan. Bir patlar sug‘orilgan ayrim dalalarda 10 yillardan beri yantoqdan boshqa narsa o‘smayapti.