O‘zbekiston | 11:37 / 08.11.2024
2571
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosining 9 ta bekatida pulli hojatxona quriladi

Maxsus xonalar yo‘lovchilar gavjum bekatlarda quriladi. Ammo hozircha aynan qaysi metro bekatlarida bo‘lishi noma’lum. Poytaxt metropoliten xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ayni vaqt yerosti bekatlarida texnik o‘rganishlar olib borilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Toshkent metrosining “Chilonzor” bekatida qurilgan ona-bola xonasi va hojatxona tarjiba-sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgani munosabati bilan boshqa 9 ta bekatda ham shunday maxsus xonalar qurilishi ma’lum qilindi.

“Toshkent metropoliteni”ga ko‘ra, xonalar nisbatan yo‘lovchilar bilan gavjum bo‘lgan joylarda barpo qilinadi. Korxona matbuot kotibi To‘ychi Mirzayevning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, metro bekatlarida hojatxona qurilishi yuzasidan o‘rganish ishlari 2022 yildan beri olib boriladi.

Chilonzor bekatida bitta qilib ko‘rdik, o‘zini oqladi. Nima uchun biz test rejimida qildik? Toshkent metropoliteni shahar kanalizatsiyasidan pastda joylashgan. Buni qurib bitkazgandan keyin yoqimsiz hidlar chiqmasligining oldini olishimiz kerak, Chilonzordagi bekatda shuni ishlatib ko‘rdik. O‘zini oqladi, biz uchun natija berdi, endi boshqa bekatlarga ham tatbiq qilmoqchimiz. Faqat texnik jihatdan o‘sha bekatlarga to‘g‘ri keladimi yoki yo‘q, shuni ko‘rib chiqyapmiz. Qaysi bekat to‘g‘ri keladi, qaysi biri to‘g‘ri kelmaydi – shularni ko‘rib chiqishimiz lozim”, – dedi Mirzayev.

Mas’ulning ta’kidlashicha, hojatxonlar davlat-xususiy sheriklik asosida quriladi. Ulardan foydalanish ham xuddi “Chilonzor” bekatidagi kabi pulli bo‘ladi. 

Qo‘shimcha qilinishicha, ona va bola xonasi, hojatxonalar qaysi bekatlarda qanday ko‘rinishda qachon qurilishi keyinroq batafsil xabar qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha tarmoqlarda “Paxtakor” bekatida noma’lum erkakning hojatini chiqarib ketgani aks etgan videolar tarqalib, jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgandi. Bir guruh faollar 47 yil avval ochilgan metropoliten bekatlarida hanuzgacha nima sabab hojatxonalar ishga tushirilmaganini tanqid ostiga olgandi.

Holat yuzasidan “Toshkent metropoliteni” rasmiy munosabat ham bildirgandi. Unga ko‘ra, shu yil 27 sentabrda bo‘lgan bu voqea yuzasidan huquq-tartibot idoralari xodimlari surishtiruv olib borishgan. Fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilib, belgilangan tartibda unga nisbatan tergovga qadar surishtiruv ishlari amalga oshirilayotgani ta’kidlangan.

Mavzuga oid