Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zilzila: xalqaro hamjamiyat Turkiya va Suriyaga yordam beradi
Turkiya va Suriyada ro‘y bergan kuchli zilzila oqibatida 600 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Gretsiya, Isroil, Ukraina va Yevropa Ittifoqi allaqachon yordam haqida e’lon qilgan.
Foto: Reuters
Xalqaro hamjamiyat Turkiya va Suriyaga har ikki davlatda yuzlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan kuchli zilziladan keyin yordam taklif qilmoqda. Gretsiya rasmiylari, Afina va Anqara o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlardagi jiddiy keskinliklarga qaramay, zilzila sodir bo‘lgan hududga qutqaruv guruhlarini jo‘natishga tayyorligini ma’lum qildi. «Gretsiya zudlik bilan yordam beradi», dedi 6 fevral, dushanba kuni bosh vazir Kiriakos Mitsotakis. Gretsiyada seysmik hududlarda katta tajribaga ega EMAK qutqaruv guruhlari mavjud.
Bryussel ham zilziladan keyin qutqaruv ishlariga yordam berishga tayyorligini bildirdi. «Xayolimiz - Turkiya va Suriya xalqlari bilan. Yevropa Ittifoqi yordam berishga tayyor», deb yozdi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Twitter’da.
Isroil hukumati Turkiyaga insonparvarlik yordami yuboradi. Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant o‘z idorasi va armiyaga zarur tayyorgarlik choralarini ko‘rishni topshirdi. Isroilning favqulodda vaziyatlar bilan shug‘ullanish tajribasi borligini ta’kidlagan Galant: «Xavfsizlik kuchlarimiz kerak bo‘lgan har qanday yordamni berishga tayyor» dedi. Isroil qutqaruv xizmati - Zaka qutqaruv guruhini yuborishga tayyorlanmoqda. Isroil tashqi ishlar vaziri Eli Koen ko‘p sonli halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar munosabati bilan Turkiyaga hamdardlik bildirdi va vazirligining yordamini va’da qildi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Turkiyaga zarur yordam ko‘rsatishga va’da berdi. «Prezident Erdo‘g‘an, turk xalqi va Turkiyadagi zilzila qurbonlarining oila a’zolariga hamdardlik bildiraman, barcha jabrlanganlarga tezroq sog‘ayib ketishlarini tilayman. Ushbu og‘ir damda Turkiya xalqini qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz yordam berishga tayyormiz. Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur yordam taqdim etiladi», — dedi Zelenskiy Twitter’dagi sahifasida turk tilida.
6 fevral kuni erta tongda Turkiya janubi-sharqida va Suriya shimolida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida 600 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Turkiyadagi hodisa qurbonlari soni 280 kishidan oshdi, 2000 dan ortiq kishi jarohat oldi, dedi vitse-prezident Fuat O‘qtoy. Unga ko‘ra, Turkiyaning turli shaharlarida kamida 1710 ta bino vayron bo‘lgan yoki shikastlangan. Suriya hukumati kamida 230 kishi halok bo‘lganini va 600 dan ortiq odam jarohatlanganini qayd etgan, deya xabar beradi Suriya Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Dushanba kuni erta tongda 7,4 magnitudali zilzila episentri Turkiyaning Suriya bilan chegaradosh Qahramonmarash viloyati bo‘lgan. Keyinchalik yana 42 dan ortiq silkinishlar (aftershoklar) sodir bo‘ldi, ularning eng kuchlisi 6,6 ballni tashkil etdi. Bu so‘nggi yillarda mintaqada ro‘y bergan eng kuchli zilzilalardan biri. Turkiya hukumati xavf haqida ogohlantirishning eng yuqori darajasini e’lon qildi.
Mavzuga oid
18:16
Erdo‘g‘an O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri va kuch tuzilmalari rahbarlarini qabul qildi
10:40
Turkiyada qamoqdagi o‘zbeklar bilan konsullik suhbati o‘tkazildi
18:21 / 15.01.2026
Eron yiqilsa, nima bo‘ladi?
10:51 / 14.01.2026