O‘zbekiston | 15:23 / 19.10.2023
12259
3 daqiqa o‘qiladi

“Aybdor xodimni topishning iloji bo‘lmadi” – turk sayyohining poyezdda pul evaziga joyini almashtirgani bo‘yicha izoh berildi 

“O‘zbekiston temiryo‘llari” Toshkent-Andijon yo‘lovchi poyezdida joyini almashtirish uchun 100 ming so‘m bergan turk sayyohi bilan bog‘liq vaziyat o‘rganilganini ma’lum qildi. Mas’ullar video qaysi kun, qaysi poyezd va vagonda olinganini bilmagani uchun holatni isbotlay olmagani va aybdorni topa olmaganini aytdi. 

Turk sayyohining Toshkentdan Andijonga ketayotgan poyezdda joyini almashtirish uchun 100 ming so‘m pora bergani aytilgan video yuzasidan “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ rasmiy izoh berdi. 

Unga ko‘ra, videoda kerakli ma’lumotlar, ya’ni video qaysi kun qaysi poyezd va vagonda olingani haqidagi axborotlar bo‘lmagani uchun o‘rganish davomida korrupsion vaziyat bo‘lgani yoki bo‘lmagani isbotlanmagan. Aybdor xodim ham topilmagan. 

“Ushbu jarayonda OAVda tarqatilayotgan har bir ma’lumot, fuqarolarimiz va yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlarimizda mamlakatimiz temiryo‘llari haqida salbiy tasavvurlar paydo bo‘lishiga olib keladi. 

Shu bois "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" AJ rahbariyati sizlardan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan, isbotlanmagan, asossiz ma’lumotlarni tarqatmasligingizni so‘raydi”, – deyiladi rasmiy xabarda. 

Shuningdek, AJ yuqoridagiga o‘xshash holatlar uchraganda ishonch telefoniga (+99871-299-94-50) qo‘ng‘iroq qilishni yoki @pastrans telegram manziliga murojaat qilishni so‘rab qolgan.  

Eslatib o‘tamiz, biroz avvalroq niderlandiyalik sayyoh “Afrosiyob” elektropoyezdining ekonom klassidan VIP’iga o‘tish uchun poyezd boshlig‘iga qo‘shimcha 15 dollar pul bergani muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Voqeadan 4 kun o‘tib xodim ishdan olingandi. 

Keyinroq sayyoh xodimning aynan shu holat sabab ishdan ketganidan afsusda ekanini aytib, “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ xizmatlarini tanqid qilgandi. “Sifat yo‘qligi sabab poyezd xodimining ishdan bo‘shatilishi – achinarli holat”, – degan edi u. 

“O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatilla Rahmetov bunday korrupsion vaziyatlar yuzaga kelmasligi uchun yo‘lovchi poyezdlarida “upgrade” tizimi ishga tushirilishini ma’lum qilgandi. Yaqin kunlarda foydalanilishi kutilayotgan bu tizim orqali poyezdlarda ekonom klassdan biznes klassga o‘tish mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid