7 noyabr kuni o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan idoralararo yig‘ilishda bank tizimida mablag‘larni talon-toroj qilish, bank xizmatlarini ko‘rsatish, ayniqsa, kredit ajratishdagi suiiste'molchilik holatlari tanqid ostiga olingan.

«Mamlakat iqtisodiy taraqqiyotida banklar faoliyati, ta'bir joiz bo‘lsa, hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Lekin barcha banklar mutasaddilari hali islohotlar mazmunini tushunib yetmagan ko‘rinadi. Aksincha, bank xizmatlarini ko‘rsatish, ayniqsa kredit ajratishda suiiste'molchilik, tamagirlik va mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari odat tusiga aylanib qolgan», — dedi bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Yo‘ldoshevning ma'lum qilishicha, so‘nggi ikki yilda korrupsiya va mansabdorlik jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan 166 nafar bank amaldorining 13 nafari «Ipoteka bank», 25 nafari «Milliy bank», 26 nafari «Mikrokreditbank», 38 nafari «Agrobank» va 49 nafari «Xalq banki» xodimi bo‘lgan.

«Aholining ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash uchun turli ijtimoiy loyihalarga budjet mablag‘lari banklar orqali ajratilmoqda. Lekin bunday mablag‘lar haqiqiy egalarga yetib bormay, ayrim bank mansabdor shaxslarining o‘ljasiga aylanmoqda. Birgina «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida so‘nggi ikki yilda aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan 1 milliard 700 million so‘mdan ortiq imtiyozli kredit bank mansabdor shaxslari tomonidan ochiqchasiga talon-toroj qilingan. Masalan, «Milliy bank»ning Shahrixon filiali rahbari Rahmatullayev va kassir Jumaboyeva 19 nafar fuqaro nomiga qalbaki hujjatlar tayyorlab, 378 million so‘mni shaxsiy manfaatlari uchun o‘zlashtirib yuborgan. Umuman 85 milliard so‘m mablag‘ bankirlar tomonidan bevosita talon-toroj qilingan», — dedi Yo‘ldoshev.

Bosh prokurorga ko‘ra, kredit ajratish va uning sarflanishini monitoring qilish borasidagi suiiste'molchilik va ko‘zbo‘yamachiliklar 42 milliard so‘m kreditning maqsadsiz ishlatilishiga olib kelgan. Banklar faoliyatiga turli aralashuvlarni cheklash maqsadida ularni tekshirish amaliyoti keskin qisqargan. Ma'lumot almashinuvida ham bank siriga oid hujjatlar talablariga to‘liq rioya qilinmoqda.

«Yaratilgan bunday qulaylik va sharoit korrupsiyani bartaraf etishga xizmat qilishi kerak emasmi? Amalda esa buning aksi kuzatilmoqda. Markaziy bank va uning hududiy boshqarmalari qayd etilgan qonun buzilishi holatlariga o‘ta loqayd va mas'uliyatsizlik bilan munosabatda bo‘lishmoqda. Jumladan, ular tomonidan so‘nggi ikki yilda tijorat banklarining 360 filialida o‘tkazilgan tekshirishlar natijasi bo‘yicha huquq-tartibot organlariga birorta ham material yuborilmagan. Vaholanki, ushbu davrda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bank mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan 100dan ortiq jinoyatni aniqlagan. Markaziy bank va uning quyi tarmoqlari banklarda yuz berayotgan «o‘yinlar» va noqonuniy sxemalardan bexabarmi? Yoki ularni aniqlashga malaka va tajriba yetishmaydimi? Yoxud buning boshqa sabablari bormi?» — deya qo‘shimcha qildi Yo‘ldoshev.