O‘zbekiston | 17:19 / 07.08.2020
14175
2 daqiqa o‘qiladi

Test olinadigan yo‘nalishlarda ijodiy imtihonlar bekor qilinishi mumkin

O‘zbekistonda bu yilgi kirish imtihonlarida ayrim yo‘nalishlarda ijodiy imtihonlar bekor qilinishi kutilmoqda. Bu haqida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Holiqov ma'lumot berdi.

«Ijodiy imtihoni bor OTM yo‘nalishlari 2 turga bo‘linadi: ularning birinchisi test bilan birgalikda o‘tkaziladigan ijodiy imtihon o‘tkaziladigan yo‘nalishlar bo‘lsa, ikkinchisi faqat ijodiy imtihonlar olinadigan yo‘nalishlar hisoblanadi.

Test va ijodiy imtihonlar birga o‘tkaziladigan yo‘nalishlar, masalan, jurnalistika ta'lim yo‘nalishi kabilarda o‘sha OTMlar rektorlari xulosalari o‘rganilib, abituriyentni 2 marta ovora qilmaslik uchun ijodiy imtihon o‘rniga o‘tgan yili fanlar blokida mavjud bo‘lgan fanlardan faqat test olish taklifi Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi berilgan», dedi vazirlik boshqarma boshlig‘i.

Qayd etilishicha, bu faqat joriy yil uchun istisno tariqasida taklif qilingan. Bu yo‘nalishda test topshiradigan abituriyentning savollar majmuasida begona fan bo‘lmaydi. Oldingi yillarda imtihonda mavjud bo‘lgan fanlardan imtihon olinadi.

Faqat kasbiy ijodiy imtihon o‘tkaziladigan yo‘nalishlarda esa imtihonlar DTM tomonidan test sinovlari boshlangan paytda oliy ta'lim muassasalari binolarida yoki bazadagi tegishli binolarda o‘tkaziladi.

Ma'lumot uchun, bakalavriatning 13ta ta'lim yo‘nalishiga o‘qishda kirishda bitta fandan test va kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazilishi belgilangan edi.

Mavzuga oid