Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida barpo etilgan mis konsentratini filtrlash korpusida bo‘ldi.
3-mis boyitish fabrikasi tarkibidagi korpus yiliga 917 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish quvvatiga ega. Zamonaviy sanoat press-filtrlari, nasos agregatlari, shlam va suv aylanma tizimlari o‘rnatilgan. Uskunalar xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, yuqori samaradorlik va energiya tejamkorligi bilan ajralib turadi.
Ayni vaqtda qurilish ishlari to‘liq yakunlanib, korpusda umumiy 5 ta press-filtrdan 3 tasi to‘liq ishga tushirilgan, yana 2 tasi ishga tushirishga hozirlanmoqda.
Prezident matbuot xizmati qayd etishicha, shu yilning o‘zida ishga tushadigan loyihalar hisobga olinsa, misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetadi. Yaqin ikki-uch yildagi yangi loyihalar hisobiga quvvatlar bundan ham oshadi.
Dunyoda ham mazkur xomashyoga bo‘lgan talab kundan kunga ortib borayotgani ta’kidlandi. Chunki mis bugungi kunda sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, «yashil» taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylanib bo‘ldi.
«Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan bo‘ladi. Qaysi davlat bu xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun kuchli infratuzilma yaratsa, u minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi.
Shu bois, biz islohotlarimizning ilk kunlaridan geologiya-qidiruv ishlariga alohida e’tibor qaratib, mavjud zaxiralar va ularni ishga solish bo‘yicha imkoniyatlarimizni belgilab oldik», – dedi prezident.
Misol uchun, «Yoshlik-1» koni. Yaqin-yaqingacha ko‘pchilik «Bu konni o‘zlashtirish qiyin, imkoniyatimiz yetmaydi, eplay olmaymiz» deb o‘ylardi. Vaholanki, joriy yilning o‘zida ushbu kondan 20 million tonna ruda qazib olinadi. Bu raqam kelgusi ikki yilda 60 million tonnaga yetadi.
Umuman, «Yoshlik-1» va «Qalmoqqir» konlarida 45 million tonna mis, 5 ming tonnadan ziyod oltin zaxirasi borligi ta’kidlandi. Ushbu zaxira sanoatga kamida 100 yilga yetadigan kafolatli xomashyo bazasi bo‘ladi.
Konlardagi molibden, selen, tellur, reniy kabi noyob metallar yangi innovatsion yo‘nalishlardagi loyihalar uchun mustahkam zamin yaratadi.
3-mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushganidan keyin Olmaliq kombinatida mis konsentratining kunlik hajmi hozirgi 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnaga oshadi. Shu bilan birga, loyiha doirasida 6 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromadli ish joyiga ega bo‘ladi.









