Toshkent viloyati investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi xodimi hamda Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida ro‘yxatdan o‘tgan mas’uliyati cheklangan jamiyatning norasmiy egasi o‘zaro til biriktirib, Qibray tumani hududida joylashgan mazkur MChJga tegishli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga mo‘ljallangan 13,7 gektar unumdor yer maydonini xaridorga 3 mln 425 ming AQSh dollariga sotishga kelishgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida, ular so‘ralgan puldan 500 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda yer sotish bilan bog‘liq bir nechta noqonuniy holatlarga chek qo‘ydi.
Xususan, Mirzaobod tumanida yashovchi, muqaddam ikki marotaba firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxs tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga hokimiyat tizimida ishlovchi tanishlari orqali 20 gektar yer maydoni olib berish evaziga, undan 70 ming AQSh dollari so‘rab, oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Guliston shahrida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan, maklerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro bilan o‘zaro kelishib, uning nomiga bog‘dorchilik, chorvachilik va baliqchilik tashkil etish uchun ajratilgan 20 gektar yer maydonini 19 ming AQSh dollariga sotishni rejalashtirgan. Ular so‘ralgan puldan 15 ming dollarini avans sifatida olgan vaqtlarida ushlandi.
Xuddi shu kabi Boyovut tumanida ham 1979 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro o‘zganing nomidagi fermer xo‘jaligining 10 gektar yer maydonini xaridorga 14 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Namangan viloyatida kuzatilgan holatda esa Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan fuqaro muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun hozirda ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotganligiga qaramasdan, yana qing‘ir yo‘lga kirdi.
















