«Davlatga xoinlik qiliş»da ayblanib, Özbekiston Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan qölga olingan Qodirjon Yusupov işi böyiça sud 17 iyun kuni boşlanişi kutilmoqda, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri öz manbalariga tayangan holda.
Ta'kidlanişiça, 67 yoşli sobiq diplomat işi harbiy sud tomonidan yopiq tartibda körib çiqiladi. Ayblanuvçining yaqin qarindoşlari Yusupov oğir ruhiy xastalikdan aziyat çekişini aytib, ayni paytda uning soğliğidan xavotirlarini bildirmoqda.
Taşqi işlar vazirligining sobiq amaldori, Özbekistonning YeXHTdagi (Yevropada xavfsizlik va hamkorlik taşkiloti) vakili lavozimida işlagan Qodirjon Yusupov 2018 yil 3 dekabr kuni Toşkent metropolitenining «Puşkin» metro bekatidagi temir yöl relsiga yiqilib tuşgaç, şifoxonaga yotqizilgandi. Şundan söng, u şifoxonadan DXX Tergov boşqarmasi qamoqxonasiga ötkazilgan.
Özbekiston Respublikasining Avstriya, Buyuk Britaniya va Yaqin Şarq mamlakatlaridagi elçixonalarida, şuningdek Özbekistonning BMT va YeXHTdagi doimiy vakolatxonasida işlagan, 2002-2005 yillarda Taşqi işlar vazirligi matbuot xizmatini boşqargan Yusupovga nisbatan ÖzJK 157-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etiş töğrisida ayblov e'lon qilingan.
Boş prokuratura matbuot xizmati DXX tergov izolyatorida saqlanayotgan Qodirjon Yusupovning ruhiy va jismoniy holati qoniqarli ekanini tasdiqlab, bayonot bergan.
Şunga qaramay, ayblanuvçining qarindoşlari yollagan advokat Allan Paşkovskiy uzoq muddat öz mijozi bilan boğlana olmadi. Bunga Yusupovning istagi bilan advokat xizmatidan voz keçişi haqidagi arizasi vaj qilib körsatilsa-da, oradan 3 oy ötib Paşkovskiy xizmatini qabul qilgan Yusupov barça iqrorlik ruhiy bosim ostida olinganini aytgan.

















