Shodmonov: «1-sonli Respublika klinik shifoxonasi yopilmaydi, xodimlarning bir qismi Zangiotaga o‘tkaziladi»
Klinika xodimlarining bir qismi Zangiota tumanida yangi qurilgan shifoxonaga o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan Respublika 1-sonli klinik shifoxonasi yopilishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan gap-so‘zlarni rad etdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, shifoxona o‘z maqomida va o‘z joyida to‘liq quvvatda faoliyat olib bormoqda. Barcha bo‘limlari belgilangan tartibda tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.
«Uning yopilishi, boshqa joyga ko‘chishi bo‘yicha bizga hech qanday topshiriq bo‘lgani yo‘q. 1-sonli Respublika klinik shifoxonasi bundan keyin ham o‘z yo‘nalishida faoliyatini davom ettiradi. Ushbu shifoxona vazirlik balansida yuridik shaxs sifatida saqlanib turibdi.
1-sonli Respublika klinik shifoxonasida xizmat qiluvchi tibbiyot xodimlarining bir qismini Zangiota tumanidagi ushbu shifoxonaga o‘tkazamiz va u yerdagi xodimlar o‘z xohishi bilan bu yerga kelishyapti», – dedi Alisher Shodmonov Zangiotada koronavirus bemorlarini davolash uchun maxsus qurilgan shifoxona ochilishi munosabati bilan 4 iyul kuni o‘tkazilgan press-turda.
Eslatib o‘tamiz, Chirchiq shahrida joylashgan viloyat darajasidagi bir nechta shifoxonalar tibbiyotning klaster tizimi tashkil etilayotgan Zangiota tumaniga ko‘chirilishi mumkin. Avvalroq Kun.uz chirchiqlik fuqarolar noroziligiga sabab bo‘layotgan holat yuzasidan reportaj taqdim etgan edi.
Mavzuga oid
18:53 / 30.07.2024
Maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilarining to‘rtdan bir qismida turli kasalliklar aniqlandi
11:28 / 22.07.2024
Nikohlanuvchilar qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tishi kerak?
17:25 / 20.07.2024
Dunyo bo‘ylab vabo tarqalish xavfi juda yuqori baholanmoqda
19:59 / 09.07.2024