O‘zbekiston | 22:08 / 11.08.2020
101363
4 daqiqa o‘qiladi

Karantin davrida O‘zbekistonga kirish va xorijga chiqish tartibi haqida ma'lumot berildi

Foto: Anadolu Agency

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi COVID-19 pandemiyasi tufayli joriy etilgan cheklovlar sharoitida O‘zbekistonga kirish va chiqish tartibi to‘g‘risida ma'lumot berdi.

COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq karantin choralari davrida fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasiga kirish tartibi

1. 2020 yil 15 iyundan boshlab, quyidagi toifadagi fuqarolarga aviaqatnovlar orqali O‘zbekistonga kirish uchun karantin choralari soddalashtirildi:

  • xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari hamda ularning oila a'zolari;
  • investitsiya loyihalari doirasida xorijiy kompaniya va boshqa tashkilotlarning O‘zbekistonda ishlayotgan mutaxassislari;
  • davolanish uchun kelayotgan shaxslar;
  • O‘zbekistonda «doimiy yashash joyiga ega» xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.

Ushbu toifadagi fuqarolar mamlakatga kirish uchun ruxsatnoma so‘rab O‘zbekiston Respublikasining tegishli organlariga murojaat qilishlari shart emas.

2. Xorijda vaqtincha bo‘lib turgan yoki chet elda doimiy asosda yashovchi va vatanga aviaqatnovlar orqali qaytishni istayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mamlakat hududiga kirishlarida hech qanday cheklovlar ko‘zda tutilmagan.

3. O‘zbekistondan tranzit orqali boshqa davlatga ketayotgan chet el fuqarolarning mamlakat hududidan o‘tishlariga xorijiy davlat diplomatik vakolatxonasi va konsullik muassasasining O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga avvaldan qilgan so‘rovlari asosida ruxsat beriladi.

COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq karantin choralari paytida fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish tartibi

1. 2020 yil 15 iyundan boshlab, quyidagi toifadagi O‘zbekiston fuqarolariga aviaqatnovlar orqali O‘zbekistondan chiqib ketish uchun karantin choralari soddalashtirildi:

  • davolanish uchun chiqayotgan shaxslar;
  • xorijda yaqin qarindoshlari yoxud og‘ir kasal bo‘lgan qarindosh-urug‘lari mavjud bo‘lgan shaxslar;
  • xorijiy davlatda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston fuqarolari;
  • o‘qish yoki ishlash uchun chet elga ketayotgan fuqarolar.

Ushbu toifadagi fuqarolar mamlakatdan chiqib ketishga ruxsat olish uchun O‘zbekiston Respublikasining tegishli organlariga murojaat qilishlari shart emas.

2. O‘zbekistondan chet elga ketishdan oldin va mos ravishda aviachiptani sotib olishdan oldin 1-bandda ko‘rsatilgan fuqarolarga pandemiya paytida ular bormoqchi bo‘lgan mamlakatga kirish uchun amaldagi tartib va shartlar hamda karantin choralari to‘g‘risida zarur ma'lumot olish uchun o‘sha mamlakatning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasiga murojaat qilish tavsiya qilinadi.

Aviachiptalarni sotib olish uchun tegishli aviakompaniyalarning vakolatxonalariga murojaat qilish kerak. Chiptalarni sotishda aviakompaniyalar fuqaroning belgilangan mamlakatga kirish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishi mumkin.

Shu bilan birga, parvozlar sanitariya qoidalari va tartiblariga qat'iy amal qilgan holda tashkil etiladi.

3. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari chet elga yer usti orqali chiqishlari uchun O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori talab qilinadi.

4. Xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqishiga hech qanday cheklovlar ko‘zda tutilmagan.

5. O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xorijiy fuqarolarning vizalari muddati avtomatik tarzda 2020 yil 1 noyabrgacha uzaytiriladi.

Mavzuga oid