Jamiyat | 13:13 / 14.06.2021
1107
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda xorijga chiqishiga taqiq qo‘yilgan ota 143 million so‘m aliment to‘ladi

Foto: KUN.UZ

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida xorijga chiqishiga taqiq qo‘yilgan qarzdor ota farzandlari uchun 143 million so‘m aliment to‘ladi.

Ma'lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining 2018 yil 24 martdagi ijro hujjatiga ko‘ra, qarzdor A.S.dan undiruvchi Z.A.ga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta'minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlarining 1/4 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjati Qiziltepa tuman majburiy ijro bo‘limi ish yurituviga 2018 yil 12 iyunda kelib tushgan bo‘lib, ijro hujjati yuzasidan ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan va qaror nusxasi taraflarga yuborilgan.

Qayd etilishicha, 2020 yil 15 fevralda A.S.ning O‘zbekiston hududidan chiqish huquqlarini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Ta'kidlanishicha, qarzdor aliment to‘lovlarini muntazam ravishda to‘liq to‘lab kelgan va farzandining voyaga yetguniga qadar bo‘lgan aliment qarzdorligini hisoblab berishni so‘rab, murojaat qilgan. Shundan so‘ng, oldindan to‘lanishi lozim bo‘lgan 8 yil uch oylik aliment hisoblanib, jami 143 million 646 ming so‘m bo‘lishi qarzdorga ma'lum qilingan.

A.S. esa hisoblangan aliment pullarini o‘sha kunning o‘zida MIB Qiziltepa bo‘limi depozit hisobraqamiga to‘lagan. Natijada unga nisbatan O‘zbekiston hududidan chiqishni cheklash to‘g‘risidagi qaror bekor qilinib, joriy yilning 2 iyun kuni ijro hujjati tamomlangan. Undirilgan mablag‘ Z.A.ga naqd pul shaklida topshirilgan.

 

Mavzuga oid