Jamiyat | 19:24 / 12.12.2022
15014
4 daqiqa o‘qiladi

FarDUda O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov ijodiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi

Bugun Farg‘ona davlat universitetida O‘zbekiston Qahramoni, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, atoqli shoir - Ibroyim Yusupov ijodiga bag‘ishlangan "Ko‘ngildagi keng dunyo" nomli bayram tadbiri hamda "Filologiyaning dolzarb muammolari" mavzusidagi ilmiy-amaliy xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Foto: Farg‘ona davlat universiteti axborot xizmati

Qardosh elning tashrifi Farg‘ona davlat universitetida katta bayramga aylanib ketdi.

Ikki qardosh xalq shoiri ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar, qoraqalpoq xalqining ulug‘vor milliy madaniyati va turmush tarzi aks etgan ko‘rinishlar, qoraqalpoq o‘tovi namoyishi ishtirokchilar qalbiga o‘zgacha ruh olib kirdi.

Tadbir doirasida ikki elning ardoqli shoiri qoldirgan boy ma’naviy meros, vatanparvarlik g‘oyalari mavj urgan ijodi, ibratli hayot yo‘liga bag‘ishlangan "Ibroyim Yusupov" xonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirlar doirasida qardosh mehmonlar, xalqaro vakillar, FarDU rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, adabiyotshunos olimlar, ijod ahli, ilmiy izlanuvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirokida "Filologiyaning dolzarb muammolari va innovatsion yechimlar" nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning rasmiy qismi ham o‘tkazildi.

Xalqaro anjumanda so‘z olgan Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi O‘razboy Abdurahmonov Farg‘ona davlat universiteti jamoasi tomonidan Ibroyim Yusupov xotirasiga ko‘rsatilayotgan hurmatni qoraqalpoq eliga ko‘rsatilgan ehtirom deya bilishini alohida e’tirof etdi. "Bu sohada oliygoh rektori Bahodirjon Shermuhammadovdan o‘rnak olmoqdamiz", - dedi u.

Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi adib Nurali Qobil ham yuksak darajada tashkil etilgan anjuman va adabiy kechada ishtirok etayotganidan baxtiyor ekanligini bildirdi.

Tadbir mehmonlari - Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika universiteti rahbariyati tomonidan do‘stlik va hurmat ramzi sifatida universitet rektoriga minnatdorchilik tuhfasi - qoraqalpoq milliy libosi taqdim etildi.

Ushbu adabiy-badiiy kechada Ibroyim Yusupov asarlari asosida yaratilgan spektakl namoyish etildi. Adib ijodiga oid mushoira, o‘zbek va qoraqalpoq tillarida jaranglagan qo‘shiq va she’rlar, ijro etilgan raqslar kechaga fayz bag‘ishladi.

Tadbirlar dasturi qizg‘in davom etar ekan, kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar FarDU hayoti bilan tanishuv doirasida “Zakovat” intellektual klubi tomon yo‘l oldilar. Qiziqarli tarzda kechayotgan talabalar munozaralari mehmonlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi va bevosita o‘yinda ishtirok etishga bel bog‘ladilar.

Anjuman ishtirokchilarining keyingi manzili - talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkillashlari uchun tashkil etilgan “Book cafe” binosi bo‘ldi. Bu yerda mehmonlar ikki qardosh xalqning milliy musiqalari sadosi ostida bayram dasturxoniga taklif etildi.

Tadbir arafasida FarDU tomonidan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov ma’naviy va adabiy merosini abadiylashtirish, uning ijodini talaba-yoshlarga chuqur o‘rgatish maqsadida e’lon qilingan “El farzandi” mavzusidagi she’rlar tanlovida:

1-o‘rin/ 1 500 000 so‘m - Nargiza Bannopova - FarDU magistranti;

2-o‘rin/ 1 000 000 so‘m - Minara Sheripbayeva - Nukus davlat pedagogika instituti talabasi;

3-o‘rin/ 500 000 so‘m - Baxtiyor Xalimov – FarDU talabasi.

Rasmlar tanlovida:

1- o‘rin/ 3 000 000 so‘m – Dilyora Abduraupova - FarDU talabasi;

2- o‘rin/ 2 500 000 so‘m – Zarinabonu Qurbonova – FarDU talabasi;

3- o‘rin/ 2 000 000 so‘m – Muhammadrajab O‘ktamov – FarDU talabasi.

Ushbu talabalar diplomlar bilan taqdirlanib, pul mukofotlari topshirildi.

Farg‘ona davlat universiteti axborot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid