Zero, taraflarning tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov bosqichidayoq teng huquqiy imkoniyatlarga ega bo‘lishi – mazkur ish yuzasidan adolatli sud hukmiga erishishning kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Jinoyat protsessida tortishuv bu – turli (ayblov va himoya) pozitsiyadagi taraflarning jinoyat ishlarini yuritish jarayonidagi o‘zaro to‘qnashuvi bo‘lib, ular qonun tomonidan o‘zlariga berilgan vakolat va huquqlardan foydalangan holda harakat qiladilar. Tortishuv prinsipining amalga oshirilishi ish to‘liq, xolis va beg‘araz ko‘rib chiqilishining kafolati hisoblanadi. Bu o‘z navbatida, haqiqatni aniqlashga va ish bo‘yicha adolatli qaror qabul qilishga imkon beradi.
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat protsessual kodeksi 25-moddasiga ko‘ra, birinchi instansiya sudining sud majlisida, shuningdek ishlar yuqori sudlarda ko‘rilayotganda ish yuritish taraflarning o‘zaro tortishuvi asosida amalga oshirilishi belgilangan. Ishni sudga qadar yuritishda esa ayblov tarafi, ya'ni surishtiruvchi, tergovchi va prokuror ish yuzasidan hal etuvchi ahamiyatga ega shaxslar hisoblanadi va bu jarayonda himoyachining protsessual maqomi zaifligi va ish taqdirini hal etishga bo‘lgan protsessual vakolati va imkoniyati yo‘qligi kuzatiladi. Biroq bugungi kunda sud-huquq tizimidagi zamonaviy talablar va xalqaro standartlar himoyachining aynan ishni sudga qadar yuritish bosqichidayoq ayblov tarafi bilan teng imkoniyatda o‘z faoliyatini amalga oshirishini talab etmoqda.
Bunga qanday erishish mumkin? Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi JPKda dalillar tergov va sud harakatlarini yuritish yo‘li bilan to‘planishi belgilangan. Biroq tergov va sud harakatlarining hech birini himoyachi mustaqil ravishda amalga oshira olmaydi. Himoyachiga dalillar to‘plash yuzasidan berilgan huquqlar esa himoyachining o‘z faoliyatini to‘laqonli amalga oshirishida yetarlicha imkoniyat yaratib bera olmaydi.
Shu o‘rinda ta'kidlash lozimki, hozirda mavjud sud-tergov amaliyotiga muvofiq, tergovchi dalil yig‘ish maqsadida xohlagan shaxsni hattoki o‘sha shaxs tergov hibsxonasi yoki jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan bo‘lsa ham, guvoh sifatida so‘roq qilish huquqiga ega. Biroq himoyachi ishga taalluqli axborotga ega bo‘lgan shaxslarni so‘rovdan o‘tkazishi va yozma tushuntirishlar olishi uchun ularning roziligi talab etiladi.
Bundan tashqari, advokatning samarali faoliyat yuritishi va ish yuzasidan yetarlicha dalillar to‘plashidan tergovchi va prokuror ko‘p hollarda o‘z kasbiy faoliyati nuqtayi nazaridan kelib chiqib manfaatdor bo‘lmaydi. Masalan, ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qarorda himoyachini qiziqtirgan va ish yuzasidan holatni yanada aniqlashtirishga qaratilgan savollarning aks ettirilishi surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning xohishiga bog‘liq ekanligi himoyachi faoliyatini qiyinlashtirishga olib keladi, ayblov tarafiga esa ushbu holat ustunlik beradi. Natijada esa himoyachining muvaffaqqiyatli faoliyat olib borishida sun'iy to‘siqlar yuzaga keladi.

















