21:21 / 10.04.2019
21034

GM Uzbekistan tumanga qarshi faralarni oxirigacha yetkazib bermagani ma'lum bo‘ldi, kompaniya izoh berdi

O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi GM Uzbekistan tomonidan 2018 yilda sotilgan 6,5 mingdan ortiq Nexia-3 (2-pozitsiya) avtomobillari komplektatsiyasida tumanga qarshi old faralar oxirigacha yetkazib berilmaganini aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qo‘mita talabi bilan, avtomobil ishlab chiqaruvchi avval sotilgan 6 mingtadan ortiq avtomobillar komplektatsiyasidagi faralarni yetkazib bergan va iste'molchilarga 2,5 milliard so‘mdan ziyodni zararni qoplagan.

Qo‘mita o‘tgan yili sotib olingan Nexia-3 (2-pozitsiya) egalarini avtomobilda tumanga qarshi old faralar bo‘lmagan taqdirda GM Uzbekistan’ga yoki Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga murojaat qilishga chaqirdi: (78) 144-77-77, (78) 147-14-14, (71) 241-76-17.

GM Uzbekistan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining faralarsiz yetkazib berilgan Nexia-3 avtomobillari haqidagi xabari yuzasidan ma'lumot berdi.

«Bugun ayrim ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan GM Uzbekistan avtomobillarining tumanga qarshi faralarsiz yetkazib berilganligi holatlari aniqlanganligi bo‘yicha xabar e'lon qilindi. Avtomobillarning tumanga qarshi faralarsiz xaridorlarga yetkazilish holatlari mazkur butlovchi qismning yetkazib berilishida kechikish yuzaga kelganligi sababli xaridorlarni ogohlantirgan va ular bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan. Avtomobillarni egalariga o‘z vaqtida yetkazib berish maqsadida kompaniya ularni vaqtincha tumanga qarshi faralarsiz, keyinchalik o‘rnatib berish sharti bilan qaror qabul qilgan. Tumanga qarshi faralarning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining talabi bilan qo‘yib berilganligi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, sababi avtomobillarga mazkur butlovchi qismlarni o‘rnatib berish GM Uzbekistan kompaniyasi tomonidan doimiy nazoratda bo‘lgan va bu haqda xaridorlar ham ogohlantirilgan. Shu o‘rinda kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillarning xaridi jarayonida yuzaga kelgan har qanday masalada kompaniyaning 78 147-14-14 Ishonch telefoni hamda 78 141-77-77 koll-markaziga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz», — deyiladi kompaniya xabarida.

Top