2004 yilda Hollivud kinoijodkorlari tomonidan ishlangan «Terminal» filmini ko‘pchilik tomosha qilgan bo‘lsa kerak. Filmning bosh qahramoni Viktor Navorskiy Nyu-York shahriga uchib kelib, ma'lum sabablarga ko‘ra o‘z vatani Krakoziyaga keta olmay qoladi. AQShga ham kira olmaydi, oqibatda bir necha oy davomida aeroportda arosatda qolib ketadi. Bugungi hikoyamiz qahramonining qismati ham ana shu filmda hikoya qilingan hodisalarni yodga soladi.

Qarshi shahrida yashovchi Mamadaliyeva Intizor Muxamedovna 1976 yilda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyatida tug‘ilgan. Millati o‘zbek, ma'lumoti oliy, oilali, uch nafar voyaga yetmagan farzandning onasi, oila a'zolarining barchasi O‘zbekiston Respublikasining to‘laqonli fuqarolari.

I.Mamadaliyevaning so‘zlariga ko‘ra, u 1992 yil 12 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasida o‘qish va doimiy istiqomat qilish maqsadida o‘sha paytdagi doimiy manzili – O‘sh viloyati Qorasu tumani Savay qishlog‘i, Qizil Sharq uchastkasidan propiskadan chiqqan hamda Samarqand shahar Kooperativ institutiga o‘qishga kirish maqsadida Samarqand shahar Dahbet ko‘chasi 237-uyda joylashgan yotoqxonada doimiy yashay boshlagan. Institutga o‘qishga kirgani munosabati bilan 1992 yil avgust oyida Dahbet ko‘chasi 237-uyga propiskaga kirgan. Institutni 1997 yilda tugatgan. 1998 yilda O‘zbekiston fuqarosi I.Ishnazarovga turmushga chiqishi munosabati bilan Qarshi shahriga ko‘chib ketgan. 2000 yil 2 yanvar kuni Qarshi shahar IIB tomonidan rasmiylashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportini olgan. 25 yoshga to‘lgani munosabati bilan 2001 yil 31 iyul kuni yangi fuqarolik pasportini olgan. 2012 yilda uni yo‘qotib qo‘ygani sababli qayta pasport olishga murojaat qilgan va shundan so‘ng hammasi ostin-ustun bo‘lib ketgan.

Uning yo‘qolgan pasportini tiklash bo‘yicha murojaatidan so‘ng u fuqarolik pasporti va O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini noqonuniy olganlikda gumon qilinadi. Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, yakunda ish sudda ko‘rib chiqiladi.

Sud I.Mamadaliyevani 1992 yil 20 may kuni Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyati, Qorasu tuman IIBdan sobiq ittifoq fuqaroligi pasportini olib, 1992 yil avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Samarqand shahri Kooperativ instituti yotoqxonasi, ya'ni Dahbet ko‘chasi 237-uyda vaqtinchalik ro‘yxatda turib, O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi Qonun talablariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmasa-da, noqonuniy ravishda Qarshi shahar IIB pasport bo‘linmasi boshlig‘i M.S. bilan bir guruhga birlashib, oldindan jinoiy til biriktirib, 2000 yil 2 yanvar kuni Qarshi shahar IIB pasport bo‘linmasidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportini olishga erishgan hamda mazkur fuqarolik pasporti qalbaki ekanligini bila turib, undan 2012 yil avgust oyiga qadar foydalanib kelgan, deb topgan.