Fotokollaj: Kun.uz

O‘zi nima gap?

O‘zbekiston aholisining katta qismi yangi yil munosabati bilan ketma-ket 5 kun – 31 dekabrdan 4 yanvargacha dam oldi.

Dam olish kunlarida Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi dam olish maskanlariga tashrif buyuruvchilar soni keskin ortdi. Natijada yo‘llarda transport vositalari bilan bog‘liq tirbandliklar yuzaga kelgan bo‘lsa, Toshkent shahridagi ayrim parklar va ko‘ngilochar markazlarda odamlardan iborat tirbandlik ajiotaji kuzatildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Amirsoy tog‘-chang‘i kurortida kuzatilgan uzun navbatlar, Toshkent viloyatidagi tog‘ kurortlariga eltuvchi yo‘llardagi tirbandliklar va Toshkent shahridagi Magic city parkiga tumonat odam yig‘ilgani aks etgan.

Bu holatlar bir savolni o‘rtaga chiqarmoqda: Toshkentda dam olish maskanlari soni yetarlimi? Bayramlar pala-partishlik va tiqilinchlarda o‘tmasligi uchun nima qilish kerak?

Kun.uz ayni shu savollar bilan mutaxassislarga yuzlandi.

“Aholi yovvoyi tabiatga intilishi normal holat, lekin bizda balans buzilgan”

Arxitektor Taxmina Turdialiyeva:

— Toshkent aholisi o‘sib bormoqda, hozir  aholini turar joy bilan ta’minlash masalasiga e’tibor qaratilyapti. Lekin turar joydan tashqari shaharda ko‘p infrastrukturalar bo‘lishi kerak. Asosiylaridan biri yovvoyi tabiat fragmentlari – sokin bog‘, o‘rmonchalar. Shunda tabiat qo‘yniga qochish balansga keladi.

Bizda hozir hamma parklar ko‘ngilochar parklarga aylantirilyapti. Sokin va yovvoyi parklardan faqat Botanika bog‘ini misol qilib keltirishim mumkin.

Keyin, shaharda hamma qulayliklar bo‘lgan taqdirda ham, aholi ba’zida shahardan chiqishga intiladi, bu tabiiy holat, shuning uchun shahar atrofida bo‘lishi kerak bo‘lgan infratuzilmalar bor. Misol uchun, shaharning yashil belbog‘i. Shu belbog‘ ichida har xil sokin maskanlar yaratilishi kerak. Bu belbog‘ning asosiy funksiyalaridan biri – shahar aholisini yovvoyi tabiat bilan ta’minlashdir.