Yangi O‘zbekistonda ham huquqlari eng ko‘p ochiqchasiga, namoyishkorona toptaladigan tadbirkorlar fermerlar bo‘lib qolmoqda.

Kun.uz o‘zining qonunda va prezident farmonida yozilgan huquqlari asosida kooperativlarga birlashgan fermerlarning bu huquqlar uchun klasterlar, hokimlar, prokurorlar va ichki ishlar xodimlari bilan kurashi mavzusini yoritishda davom etadi.

“Niqobli va qurollangan ichki ishlar xodimlari shiyponimizni bosdi”

Bahodir Arabov, Andijon viloyati Bo‘ston tumanidagi “Bahodir” fermer xo‘jaligi rahbari:

— Ko‘p yillardan beri fermerlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelamiz. Prezidentimiz yaratib berayotgan imkoniyat, qonunchilikdagi imkoniyatlardan foydalanib, biz joriy yilda paxta topshirish shartnomasini Shahrihon tumanida ochilgan “Prezident orzusi” kooperativi bilan tuzdik. Paxtamizni ularga topshiradigan bo‘ldik. Bundan tuman rahbarlarining xabari bor edi.

Lekin joriy yil 24 sentabr soat 16.00 larda dala shiyponimizga bir guruh ichki ishlar xodimlari niqoblangan va qurollangan holatda bostirib kirishdi. Biz paxtamizni kooperativga topshirish uchun terib tayyorlayotgan edik. Shiyponimizga kelganlar, negadir, bizga nisbatan jinoyatchilarga qilinadigan munosabatni qilishdi. O‘ta qo‘polllik qilishdi.

Biz ulardan o‘zlarini tanishtirishni, ruxsatnomalarini so‘radik. Ular javob ham qaytarishmadi. Videoga olib, holatni qayd etmoqchi bo‘ldim, ammo bunga imkon berishmadi. Vaholanki o‘zlari bemalol, bizning xususiy mulkimiz bo‘lgan shiyponimiz ichida yurib, videoga olishdi.

Ular: “Paxtani nega topshirmayapsizlar, bu ishlaring noqonuniy, paxtani tezroq klasterga olib borib topshiringlar”, deyishdi.

Hozirda paxtani yetishtirayotgan ham, sotib olayotgan ham – tadbirkorlar. Shu sabab bizning oldimizga kelgan idoraning harakatlarini butkul noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan qilingan harakat deb hisoblaymiz.

O‘zlarining e’tiroficha, ularning bu harakatiga Ichki ishlar vazirligining katta mulozimi rahbarlik qilayotgan ekan.

Biz qonunni buzganimiz yo‘q. Bu harakatlarni prezident siyosatiga xiyonat deb, O‘zbekiston siyosatini sharmanda qilish deb hisoblaymiz. Ichki ishlar vaziridan bu xodimlarga tegishli chora ko‘rilishini so‘raymiz.