Abituriyentlarni ro‘yxatga olish o‘tgan yillardagidek DTMning rasmiy sayti (my.dtm.uz) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali amalga oshirilmoqda.

Anketada pasport ma’lumotlari, yashash manzili, tamomlagan ta’lim muassasasi, imtiyozlar, qaysi OTMni tanlash haqidagi ma’lumotlar qayd etiladi va eng so‘ngida to‘lov amalga oshiriladi.

Bunda quyidagi toifadagi abituriyentlardan to‘lov undirilmaydi:

  • test sinovlari tashkil etilayotgan yilda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlar;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar (“Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari);
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari;
  • “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar.

Bu ro‘yxatga kirmaydiganlarning barchasi BHMning yarim baravarida, ya’ni 150 ming so‘m miqdorida to‘lov qilishi talab etiladi. Shuningdek, o‘tgan yillarda ta’lim muassasasini tamomlagan ijodiy imtihon topshiradiganlar ham test uchun to‘lov qilishadi.

Chunki o‘tgan yildan boshlab kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan yo‘nalish uchun ham 3 ta majburiy fandan (O‘zbekiston tarixi, ona tili va matematika) testlar qo‘yilgan. Shunga ko‘ra, bu toifadagi abituriyentlar ham to‘lovni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

To‘lovni bo‘lib-bo‘lib amalga oshirsa ham bo‘ladi, faqat 20 iyulga qadar (o‘sha kuni ham) to‘lanishi shart. Bu mablag‘ni to‘lamagan abituriyentlar test sinovlariga qo‘yilmaydi.

Ayni vaqt barcha abituriyentlar tegishli saytlar (my.dtm.uz va my.gov.uz) orqali ta’lim yo‘nalishlarini ham tanlash imkoniyatiga ega. Bu jarayon 20 iyulgacha (20 iyulda ham) davom etadi.

Chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga esa 10 iyulga qadar (10 iyul kuni ham) onlayn ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

5 talik tanlov qanday?

Abituriyentlarning 5 ta yo‘nalishda hujjat topshirishi majburiy emas, bu jarayonda bitta yoki ikkita yo‘nalishni ham tanlash mumkin.