O‘zbekistonda Transport vazirligi tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Hujjat matni O‘zAda keltirilgan.
Farmon bilan O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tashkil etilgan.
Vazirlik avtomobil, temir yo‘l, havo, daryo transportlari, metropoliten, shuningdek, yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Vazirlik transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlar faoliyatini normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish, litsenziya va ruxsatnomalar berish, sertifikatlashtirish, samarali texnik va tarif siyosatini amalga oshirish yo‘li orqali davlat tomonidan tartibga solish vazifasini amalga oshiradi.
Vazirlik tomonidan o‘z vakolati doirasida qabul qilingan qarorlarning ijrosi davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi.
Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilangan:
- transportning barcha turlarini yagona transport tarmog‘iga integratsiyalashuvi va yangi samarali transport-logistika tizimlaridan foydalangan holda uyg‘unlikda rivojlantirishga yo‘naltirilgan yagona davlat transport siyosatini ishlab chiqish;
- transport va logistika xizmatlari bozorini rivojlantirishni rag‘batlantirish, ularning barcha toifadagi iste'molchilar uchun ommabopligini ta'minlash, shuningdek, sohaga investitsiyalarni jalb etishga yo‘naltirilgan transport sohasidagi yagona tarif siyosatini amalga oshirish;
- xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish, logistika tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va chora-tadbirlarni amalga oshirish, mamlakat transport salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik sub'yektlarining transport-logistika xizmatlaridan foydalanishdagi sarf-xarajatlarini kamaytirish;
- transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish va mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;
- butun transport tizimini raqamlashtirish bo‘yicha ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etish, O‘zbekiston Respublikasi Transport tizimining bir-biriga bog‘langan yagona tizimini istiqbolli rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- avtomobil yo‘llari sohasida yagona texnika siyosatini amalga oshirish, foydalanuvchilar manfaatlarini hisobga olgan holda, avtomobil yo‘llari, aerodromlar va aeroportlar, vokzallar, temir yo‘llar va transport infratuzilmasining boshqa obektlarini moliyalashtirish, loyihalash, qurish, ta'mirlash va foydalanish masalalarining kompleks yechimini ta'minlash;
- transport sohasida nazoratni amalga oshirish, fuqaro aviatsiyasi va eksperimental havo kemalaridagi halokatlar va baxsiz hodisalarni, shuningdek, temir yo‘l va daryo transportidagi avariya va halokatlar bo‘yicha tekshiruvlarni tashkil etish va amalga oshirish;
- transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi xalqaro va hududiy hamkorlikni rivojlantirish hisobiga transport xizmatlari jahon bozorida O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini ta'minlash;
- transport sohasidagi joriy va istiqbolli ehtiyojlarni inobatga olgan holda ta'lim, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or usullarini tizimli ravishda joriy etish.
Quyidagilar vazirlikka o‘tkazildi:
- Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi (sobiq Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi);
- Fuqaro aviatsiyasi agentligi (sobiq Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi);
- Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi (sobiq Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi);
- Hukumat huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi (sobiq Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi);
- Favqulodda vaziyatlar vazirligining O‘zbekiston kemachilik registri;
- Hukumat huzuridagi «O‘zaeronavigatsiya» markazi.
Hujjat bilan Toshkent shahar Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamenti tugatilgan.
Quyidagi vazifa, funksiya va vakolatlar Vazirlikka o‘tkazilgan:
a) O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining quyidagi sohalardagi:
- kemalarni ro‘yxatga olish (qayta ro‘yxatga olish), kemalarni qurish, foydalanish, qayta jihozlash va ta'mirlashga guvohnomalar berish;
- kemalarga kema guvohnomasi va biletlari, tasniflash guvohnomalari, suzish uchun muvofiqlik guvohnomalari va kemasozlikni tartibga soluvchi qoidalarda nazarda tutilgan boshqa hujjatlarni berish;
b) «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining quyidagi sohalardagi:
- temir yo‘l transportini rivojlantirishning davlat dasturlarini ishlab chiqish, temir yo‘l transporti istiqbolli prognozlari, rivojlantirish va obektlarni joylashtirish sxemalarini ishlab chiqish;
- temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish sohasida tarif va tranzit siyosatni amalga oshirish, temir yo‘l transportining o‘tkazish va tashish qobiliyatini oshirish, temir yo‘l transporti xizmatlari bozorini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish;
- sanoat korxonalari harakatdagi tarkiblarining umumiy foydalanishdagi temir yo‘llariga chiqishi uchun ruxsatnomalar berish;
- temir yo‘l yo‘laklari, shuningdek, vagon va konteynerlarni yuklash, tushirish va tozalashga mo‘ljallangan uskunalarni qurish va ta'mirlash loyihalarini kelishish.
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 15 nafardan tashkil topgan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori loyihasini tasdiqlash uchun kiritadi, bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha hukumat qarorini qabul qiladi va uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining logistika samaradorligi bo‘yicha xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash choralarini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasida 2025 yilgacha transportni rivojlantirish konsepsiyasini va uni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan Ochilboy Jumaniyozovich Ramatov bosh vazirning birinchi o‘rinbosari - Transport vaziri lavozimiga tayinlangandi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi 1998 yilda tashkil qilingandi, unga 2017 yildan buyon Davron To‘lqinovich Dehqonov boshchilik qilib kelayotgandi.
Mavzuga oid
17:43 / 21.11.2024
Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarning barchasi o‘z lavozimini saqlab qoldi (foto)
21:47 / 18.10.2024
Tirbandlik, tramvay loyihasi, haydovchilarga jazo va temiryo‘llarda sifat – transport vaziri bilan intervyu
13:44 / 09.04.2024
Hayit kunida jamoat transporti butun respublikada bepul bo‘lmaydi – Transport vazirligi
15:08 / 13.02.2024