O‘zbekistonda bugun tadbirkorlarga katta e'tibor qaratilmoqda. Ularning haq-huquqlarini himoya qilish haqida ko‘plab farmon va qarorlar e'lon qilindi. Ammo bugun joylarda ba'zi mutasaddilar prezident va hukumat tomonidan tadbirkorlarga taqdim etilayotgan shart-sharoit va e'tiborga qaramasdan ularning haq-huquqlarini toptashda hamda mulklariga zarar yetkazishda davom etishmoqda.

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida faoliyat yuritayotgan «Ali-Muhammad-Bek Invest» MChJ rahbari Bibixalima Nazarova nohaqlikka duch kelmoqda.

U tomonidan Kun.uz saytiga qilingan murojaatda «Qamashitumangaz» idorasi va boshqa bir guruh tadbirkorlar tumanning «Qiziltepa» MFY hududida joylashgan «Ali-Muhammad-Bek Invest» MChJga qarashli 3 gektar yer maydonining o‘rtasidan tadbirkorning ruxsatisiz, noqonuniy tarzda o‘nga yaqin gaz quvurlarini o‘tkazishgani haqida yozilgan.

Sayt muxbirlari ushbu muammoni o‘rganish uchun Qamashi tumanida bo‘ldi.

Tadbirkor B.Nazarovaga tegishli 3 gektar maydon 100x300 metr o‘lchamda bo‘lib, uning bir qismida molxona va tovuqxona sifatida foydalanish uchun bino qurilgan va u yerda tadbirkor parrandachilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib kelmoqda.

2019 yil bahor oylarida tadbirkor egalik qilayotgan jamiyatga tegishli yer bilan tutash bo‘lgan hududda «Qamashitumangaz» filiali tomonidan gaz taqsimlash stansiyasi quriladi.

Shundan so‘ng, «Qamashitumangaz» filiali gaz taqsimlash stansiyasidan aholiga gaz berish uchun tadbirkorning yeridan noqonuniy tarzda gaz quvuri o‘tkazadi.

Qurilish ishlari olib borilayotgan vaqtda, biroz o‘tib undan quvur tortilayotganda ishchilar tadbirkorning yeriga ekilgan bug‘doy va arpani ham payhon qilib tashlashadi.

Tadbirkor mazkur holat yuzasidan Qamashi tuman xalq qabulxonasiga og‘zaki murojaat qiladi. Murojaatga javoban Xalq qabulxonasiga «Qamashitumangaz» filiali rahbari E.Hayitov chaqiriladi.