Isroil maxfiy ma'lumotni oshkor etdi - Suriyadagi yadro reaktori bombardimon qilingan
Isroil 2007 yilda uning aviatsiyasi Suriyadagi yadro reaktorini bombardimon qilgani haqidagi ma'lumotni oshkor etdi. Qayd etilishicha, reaktor qurilishning oxirgi bosqichlarida bo‘lgan, deb xabar bermoqda RIA «Novosti» armiya bayonotiga asosan.
«Isroil harbiy-havo kuchlari 5dan 6 sentabrga o‘tar tunda Suriyaning Dayr-az-Zor viloyatida, Damashqdan 280 milya shimoli-sharqdagi yadro obektini yo‘q qildi. U qurilishning so‘nggi bosqichida bo‘lgan. To‘rtta F-16 samolyoti nafaqat Isroilga, balki butun mintaqaga xavf solishi mumkin bo‘lgan atom tahdidini yo‘qqa chiqardi», - deyiladi xabarda.
Ular videoyozuvni ham e'lon qilishgan, unda obekt – to‘rtburchak shakldagi binoga zarba berish pallasi aks etgan. Shuningdek, odam yashamaydigan joyda qurilgan inshoot havodan berilgan zarba tufayli vayronaga aylanganidan darak beruvchi fotosuratlar ham taqdim etildi. Boshqa bir suratlarda – amaliyotda ishtirok etgan uchuvchilar, hamda ularning jangovar mashinalari - F-15 va F-16 qiruvchilari tasvirlangan.
«Harbiy razvedka yadro obektini tiklab bo‘lmaydi, degan qarorga keldi. Isroil Mudofaa armiyasi suriyaliklar tomonidan ro‘y berishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy javob harakatlariga tayyorgarlik ko‘rgani tufayli, amaliyot haqidagi ma'lumot hozircha oshkor etilmasligi lozim, degan fikrga kelingan», - deya ma'lum qilishdi harbiylar.
Isroil armiyasidan qo‘shimcha qilishlaricha, «yadro obektlari IShID qo‘liga tushib qolganida, qanday zarar yetkazilishi mumkin bo‘lganini faqat taxmin qilish mumkin».