Toshkent hayvonot bog‘ida ayol kishi uch yoshli qizchasini ayiq qafasiga tashlab yuborgani aks etgan video internetni «portlatdi». Videoda bola ehtiyotsizlik oqibatida emas, chindan ham qasddan yirtqich hayvon saqlanadigan joyga tashlab yuborilgani, hayvonot bog‘ini aylanib yurgan odamlar ayolni bu ishdan qaytarishga uringani, ammo ular yordamga kech qolgani ko‘rinadi.

Dastlabki maqolamizda ayol bir necha yildan buyon ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi haqida aytgandik. Bola ayiq saqlanadigan volerga sovuqqonlik bilan tashlab yuborilgani, qolaversa, ayolning keyingi harakatlari ham uning ruhiyati joyida bo‘lmaganini ko‘rsatib turibdi.

Xo‘sh, ayolning ruhiyati shu darajada buzilishiga nimalar sabab bo‘lgan? Uning ruhiyatidagi muammolar qachon boshlangan? Ijtimoiy tarmoqlarda yozishayotganidek, u chindan ham farzandlariga mehrsizmi? Nima uchun qizchaning otasi voqea shu darajada shov-shuv bo‘lgan esa-da, haligacha shifoxonaga kelib farzandi holidan xabar olgani yo‘q?

3 yosh-u 3 oylik Zarina Ahadova, jabrlanuvchi Foto: KUN.UZ

Biz ana shu savollarga javob qidirib ko‘rdik. Onaning o‘z jigarbandini yirtqich hayvon qafasiga uloqtirganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi, albatta. Biroq voqeaning ko‘pchilik e’tibor qilmagan tafsilotlari paydo bo‘ldi. Biz bularni imkon qadar o‘rgandik.

«Kuyovim qizimni ko‘p kaltaklardi»

Hayvonot bog‘idagi voqea ortidan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan ayolning ismi Zilola To‘laganova. U 30 yoshda. Otasi Yo‘ldosh To‘laganov qizining oilasi bir necha yildan buyon notinch ekani, turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlarida muammolar borligi sababli anchadan buyon ota uyida yashab kelishini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha muammo qudasining o‘limidan keyin boshlangan:

Qizim oila qurganiga yetti yildan oshgan, ikki nafar farzandi bor. Katta nevaram Dadaxon 6 yoshni to‘ldirib, bu yil yettiga o‘tdi. Kichkina nevaram Zarina 3 yosh-u 3 oylik.