O‘zbekiston | 21:15 / 05.07.2020
23748
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston elchixonasi Rossiya–Qozog‘iston chegarasidan o‘tkazib qo‘yishni va'da qilayotgan shaxslarga ishonmaslikni so‘radi

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi chegara ochilgani hamda Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston hududi orqali vatanga qaytishi mumkinligi haqidagi yolg‘on xabarlar tarqalmoqda.

Rossiya-Qozog‘iston chegarasida to‘plangan o‘zbeklar / Foto: TIV

O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasidan ma'lum qilishlaricha, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan ayrim shaxslar Rossiya-Qozog‘iston chegarasiga odamlarni yetkazib qo‘yish va chegarani kesib o‘tishda «yordam berish»ni va'da qilib turli e'lonlar tarqatmoqda.

Elchixona vatandoshlardan bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonmasliklarini so‘radi.

«Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘istonda joriy qilingan karantin choralari, shu jumladan mamlakatlarga kirish bo‘yicha cheklovlar o‘z kuchida qolmoqda.

Afsuski, shu kunlarda Samara viloyatidagi Bolshaya Chernigovka qishlog‘i, Orenburg viloyatidagi Buzuluk tumani va Sol-Iletsk shahrida O‘zbekiston fuqarolarining yana to‘planishi kuzatilmoqda.

Ularning ko‘pchiligi yolg‘on xabarlarga ishonib Rossiyaning turli hududlaridan kelgan va Qozog‘iston orqali vatanimizga qaytish istagini bildirmoqda.

Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tarqalayotgan bir paytda fuqarolarning bir joyda to‘planishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, kasallar, doimiy kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.

Yana bir bor, Rossiya hududidagi vatandoshlarimizdan turli yolg‘on xabarlar va mish-mishlarga ishonmasliklarini, Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegara punktlariga borishga urinmaslik, hozirgi yashash joylarida qolib, karantin choralariga qat'iy rioya qilishlarini so‘rab qolamiz», – deyiladi elchixona murojaatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga zid ma'lumotlarni tarqatish uchun javobgarlik belgilangan. Xususan, mazkur ma'lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki OAV, shuningdek internet orqali tarqatish BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha ((44,6 mln so‘mdan 89,2 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga binoan, og‘ir oqibatlarga olib keladigan bila turib yolg‘on ma'lumotni tarqatish 300 mingdan 2 million rublgacha jarima hamda uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi «Mashtakovo» va «Sagarchin» nazorat punktlari yaqinida yana O‘zbekiston fuqarolarining to‘planishi kuzatilayotgani haqida xabar bergan edi.

Bu hol may oyida ham ro‘y bergan, o‘shanda O‘zbekiston hukumati Rossiya va Qozog‘iston vakolatli organlari bilan kelishgan holda, 1100 nafar fuqaroni avtobusda mamlakat hududiga olib kelgandi. O‘shanda rasmiylar mazkur amaliyot istisno tariqasida faqat bir martagina amalga oshirilayotganini ta'kidlashgan.

Mavzuga oid