O‘zbekiston | 09:22 / 11.11.2021
32353
2 daqiqa o‘qiladi

Behzod Musayev sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlanadi 

Abduhakim Hojiboyev sog‘liqni saqlash vaziri lavozimidan bo‘shatilgan. Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev uning o‘rniga vazirlikning yangi rahbari bo‘ladi.

Foto: Qonunchilik palatasi

Kun.uz manbasi xabar berishicha, Qonunchilik palatasida deputatlar Behzod Musayevni sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tasdiqlash haqidagi masalani ko‘rib chiqib, ma'qullash bo‘yicha qaror qabul qildi. 

Behzod Musayev 1973 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy. 1995 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2004 yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.

U 2010-2011 yillarda Soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan, uning 2011 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan faoliyati haqida ma'lumot yo‘q. U 2018 yilning mart oyida Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari vazifasiga, o‘sha yili dekabr oyida esa Davlat soliq qo‘mitasi raisi etib tayinlangandi.

Behzod Musayev 2020 yilning may oyida bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egallagan.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning noyabr oyida sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Abduhakim Hojiboyev Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan SSV rahbari lavozimi uchun tasdiqlangandi.

Mavzuga oid