Belarus hukumati Ukraina bilan chegara hududiga joylashtirilgan qo‘shinlar doimiy dislokatsiya joylariga qaytishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, bir necha kun oldin Belarus hukumati o‘z kuchlari jangovar tayyorgarligi to‘satdan tekshirilishi haqida e’lon qilgandi. Ukrainadagilar xulosa chiqarishga shoshilmaslikka chaqirib, Minsk Ukraina-Belarus chegarasidagi vaziyatni qasddan keskinlashtirayotganini da’vo qilmoqda.
Belarus mudofaa vazirligi nima degan?
Payshanba kuni Belarus harbiy idorasi mamlakat qurolli kuchlarining Ukraina bilan chegara yaqinida turgan 38-desant-shturmchi brigadasi doimiy dislokatsiya joyiga qaytarilganini xabar qildi.
Bu ma’lumotni Belarus harbiy texnikalari va bo‘linmalari harakatini kuzatib boruvchi «Belaruskі Gayun» telegram-kanali ham tasdiqladi.
Belarus mudofaa vazirligi brigadaning doimiy dislokatsiya bo‘yicha qaytishini tasdiqlashi kerak bo‘lgan fotosuratlarni nashr etdi. Ushbu tuzilmaning to‘liq nomi - 38- Brest alohida gvardiya desant-shturm brigadasi, ya’ni uning bazasi odatda Brestda bo‘lgan.

Ukraina nima demoqda?
Urush boshidan buyon Ukraina hukumati Belarusni mojaro tomonlaridan biri deb hisoblaydi, chunki bu mamlakat Rossiya armiyasiga o‘z hududidan bosqin uchun platsdarm sifatida foydalanishga ruxsat bergandi. G‘arb va ukrain ekspertlari ham kelgusida Belarus harbiylari Rossiya armiyasi bilan birgalikda Ukrainaning g‘arbiy regionlariga yangi bosqin boshlashi ehtimolini istisno etmaydi.
Ammo Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi payshanba kungi brifing chog‘ida hozirda Belarus hududidan takroriy hujum bo‘lishi ehtimoli yuqori emasligini ma’lum qildi.
Ukraina chegara xizmati esa bu uchastkadagi vaziyat nazorat ostida qolayotganini qayd etdi. Chegara xizmati rasmiy vakili Ondriy Demchenko BBC Ukraina xizmatiga shunday degan: «Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri chegara atrofida texnika va qo‘shinlar joylashuvi yoki harakatlanishiga guvoh bo‘lmadik. Ayni vaqtda Ukraina hududiga bostirib kirishi mumkin bo‘lgan zarbdor kuchlar tashkil etilganiga oid hech qanday dalilni qayd etmayapmiz».


















